Google SI markazlari uchun yadroviy reaktorlardan foydalanishni boshlaydi

Fan-texnika 21:40 / 15.10.2024 2062

Google Karios Power kompaniyasi bilan sun’iy intellekt ma’lumotlarini qayta ishlovchi markazlar faoliyati uchun talab etiladigan ulkan miqdordagi elektr energiyasini ishlab chiqarishda kichik yadroviy reaktorlardan foydalanish bo‘yicha bitim imzoladi, deb xabar beradi BBC.

Bitimga ko‘ra, birinchi reaktor 2030 yilda, keyingi besh yilda esa yana bir nechtasi ishga tushiriladi. Imzolangan bitim qiymati va reaktorlar qayerda joylashishiga oid ma’lumotlar oshkor etilmagan.

Sun’iy intellektga ma’lumotlarni qayta ishlash uchun ulkan miqdorda elektr energiyasi talab etiladi. Buning ustiga texnologik kompaniyalar o‘zlarining kompyuterlari iste’molini ta’minlash maqsadida yadroviy energiya manbalaridan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.

«Energotizim sun’iy intellekt texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashda yangi elektr manbalariga muhtoj. Karios Power bilan imzolangan bitim yangi energiyaga bo‘lgan talabni sof va ishonchli manbalar bilan qoplashda yangi texnologiyalarni joriy etishni tezlashtiradi», — deydi Googleʼning energetika va iqlim bo‘yicha bosh direktori Maykl Terrell.

Karios rahbari Jyeff Olsonning so‘zlariga ko‘ra, Google bilan bitim «ilg‘or atom energetikasini tijoratlashtirishni jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega — u energiya tarmoqlarini karbonsizlantirishda hal qiluvchi yechimning texnik va bozorbopligini namoyish etadi».

Bitim hali AQSh yadroviy tartibga solish komissiyasi, shuningdek, mahalliy organlar tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Kaliforniyaning Karios Power startapi kichik reaktorlarni yaratishga ixtisoslashgan bo‘lib, kompaniya sovitish tizimida an’anaviy suv o‘rniga eritilgan ftorid tuzidan foydalanadi.

Ko‘proq yangiliklar: