GFR va yana uch davlat Livandagi BMT askarlariga tahdidni qoraladi

Jahon 12:13 / 15.10.2024 2083

Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari 14 oktyabr, dushanba kuni Isroil va «Hizbulloh» guruhi o‘rtasidagi janglar oqibatida Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlariga yuzaga kelayotgan tahdidni qoraladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) xodimlariga qilingan har qanday hujum «xalqaro huquqni buzadi», deyiladi Annalena Berbok, Devid Lammi, Antonio Tayani va Jan-Noel Barro qo‘shma bayonotida. Tashqi ishlar vazirlari «Isroil va barcha tomonlarni har doim UNIFIL xodimlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga», shuningdek, BMT kuchlariga «o‘z mandatlarini bajarishda davom etishlariga imkon yaratishga» chaqirdi, deb xabar beradi AFP.

13 oktyabr kuni Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlariga hujumi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel tomonidan qoralangan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning aytishicha, bunday hujumlar «harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin».

14 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi «Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) tomonidan Livandagi UNIFIL bir nechta obektlari o‘qqa tutilganidan «jiddiy xavotir» bildirdi, deb xabar beradi AFP. Hozirda Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Shveytsariya vakilining qayd etishicha, natijada bir necha tinchlikparvarlar jarohatlangan.

Netanyahu Livandan tinchlikparvar kuchlarni olib chiqishga chaqirdi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Livan janubidan UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini «zudlik bilan» olib chiqishni so‘radi. Tegishli videomurojaat 13 oktyabr kuni isroillik siyosatchining ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilindi.

Netanyahuning fikricha, tinchlikparvar kuchlarni evakuatsiya qilishdan bosh tortib, BMT ularni «Hizbulloh» tashkilotining «garoviga» aylantirmoqda. «Bu ularni ham, askarlarimiz hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi», deya qo‘shimcha qildi u.

Ko‘proq yangiliklar: