Mers Bayden kelmagani sababli «Ramshtayn» bekor qilinganiga qarshi

Jahon 08:44 / 14.10.2024 1887

Xristian-demokratik ittifoq raisi va muxolifatdagi XDI/XSI blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Ukrainaga «Ramshtayn» formatida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha G‘arb davlatlari koalitsiyasining yig‘ilishi to‘satdan bekor qilinganini tanqid ostiga oldi. Bu AQSh prezidenti Jo Baydenning Germaniyaga tashrifi yuz bermaganidan keyin sodir bo‘lgandi. «Men ushbu konferensiyani saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lardim», dedi Mers 13 oktyabr, yakshanba kuni Karen Miosganing ARD telekanalidagi siyosiy tok-shousida.

Javoblar davomida Fridrix Mers «Nima uchun yevropaliklar o‘zlarini ulardan past tutadilar?» degan savol berdi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Donald Trampning AQSh prezidenti etib qayta saylanishi mumkinligini nazarda tutgan Germaniya kanslerligiga nomzod, shuningdek, yevropaliklar AQShdan mustaqil bo‘lishlari kerakligini ta’kidladi: «Bu endi biz o‘rganib qolgan kuchli tartibga soluvchi kuch emas», — dedi Mers.

12 oktyabr kuni Amerikaning Reynland-Pfals federal yeridagi aviabazasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan 50 ga yaqin davlatdan iborat «Ramshtayn» formatidagi Aloqa guruhi sammitida birinchi marta 20 ga yaqin davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilayotgan edi. Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi uchrashuv, ehtimol, yana mudofaa vazirlari darajasida bo‘lib o‘tadi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Germaniya Mudofaa vazirligi «bu oktyabr oyida bo‘lishiga umid qilmoqda».

Shols va Bayden telefon orqali Kiyevga keyingi yordamni muhokama qildi

Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSh prezidenti Jo Bayden 10 oktyabr kuni kechqurun telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda Germaniya federal hukumati va Oq uy matbuot xizmatlari.

GFR matbuot bayonotida ta’kidlanishicha, Bayden Shols bilan «Milton» to‘fonidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi mavjud vaziyat haqida gaplashgan. Aynan Florida qirg‘oqlariga to‘fon yaqinlashayotgani munosabati bilan AQSh prezidenti avvalroq Germaniyaga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan, u yerda Ukraina bo‘yicha Ramshtayn formatidagi aloqa guruhi yig‘ilishida qatnashmoqchi edi. Natijada bu uchrashuv qoldirildi.

«Uning (Jo Bayden) ushbu holatlarni hisobga olgan holda tashrifini kechiktirish haqidagi qarori federal kansler tomonidan to‘g‘ri qabul qilindi», — deya ta’kidlaydi Germaniya hukumati matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: