AQShning Polshadagi yangi RQM bazasi Rossiya raketalarini urib tushira oladi

Jahon 10:13 / 14.10.2024 4554

Polsha shimolidagi Redzikovo shahrida joylashgan AQShning Aegis Ashore raketaga qarshi mudofaa bazasi mamlakat tomon yo‘l olgan Rossiya ballistik raketalarini urib tushira oladi. Bu haqda 12 oktyabr, juma kuni Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Rebeliant radiostansiyasi orqali ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi fonida konsepsiyasi o‘zgargan obekt «yaqin haftalarda» ochiladi. «Muzokaralar davomida men bu baza nafaqat AQSh tomon uchayotgan Eron raketalarini, balki Polsha tomon uchayotgan Rossiya raketalarini ham urib tushira olishiga erishdim», dedi Sikorskiy.

The Moscow Times ta’kidlaganidek, Redzikovodagi baza Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad oblasti bilan chegaradan 165 km uzoqlikda joylashgan. U radiolokatsion stansiyaga va uchta Mk-41 uchirish qurilmasiga ega bo‘lib, ularning har biri Standard Missile 3 sinfidagi raketalarni tutib olish uchun sakkizta konteyner bilan jihozlangan. NATOga ko‘ra, Aegis Ashore «sof mudofaa xarakteriga ega». Shu maqsadda raketaga qarshi mudofaa bazasi 2024 yil iyul oyida alyans qo‘mondonligi va nazoratiga o‘tkazildi, ya’ni Raketaga qarshi mudofaa agentligi (MDA) direktori vazifasini bajaruvchi, AQSh dengiz floti kontr-admirali Duglas Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra, «Yevropa davlatlarini manbalari yevroatlantik mintaqadan tashqarida joylashgan ballistik raketalar tahdididan himoya qilish uchun».

O‘sha paytda NATO bosh kotibi lavozimini egallagan Yyens Stoltenberg tizim to‘liq ishlay oladigan holatga keltirildi, deb ta’kidladi. «Ballistik raketalar Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarda keng qo‘llangan, biz mudofaa ittifoqi sifatida bu tahdidni e’tiborsiz qoldira olmaymiz», dedi Stoltenberg.

AQSh Ukraina uzra Rossiya raketalarini urib tushirishdan bosh tortganiga izoh berdi

Vashington Ukrainani o‘z suveren hududini qaytarib olish uchun kurashda qo‘llab-quvvatlaydi, biroq AQSh prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlari Ukraina hududida jang qilmasligiga va’da berdi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning NATO kuchlarini Rossiya raketalari va uchuvchisiz uchoqlarini AQSh ittifoqchisi Isroil hududi uzra dushman raketalari va uchuvchisiz uchoqlarini urib tushirganidek, o‘z mamlakati hududi uzra urib tushirishga chaqirig‘i haqidagi savolga shunday javob berdi.

Rossiya raketalari Polsha yoki Ruminiyada joylashgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilishi AQSh qo‘shinlarining Ukraina hududida (boots on the ground) ishtiroki sifatida baholanadimi, degan aniq savolga javoban Amerika mudofaa idorasi matbuot kotibi shunday dedi: «Bu (AQSh Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga) boshqacha tarzda aralashuv bo‘lardi, bizda hozirda Ukraina o‘z shaharlarini, aholisini muvaffaqiyatli himoya qila olyapti, degan tasavvur bor. Biz uning infratuzilmasiga Rossiya havo hujumlaridan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan yordamni berishga tayyormiz».

Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqda Isroil ishtirokidagi mojaro «ikki boshqa manzara va butunlay boshqa jang maydonlari», deya ta’kidladi Singx.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Pentagon rahbari Lloyd Ostin 3 oktyabr kuni Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bilan telefon orqali gaplashgan va ular frontdagi vaziyat rivoji, Ukraina Qurolli kuchlarining joriy operatsiyalari va ularning ehtiyojlarini muhokama qilgan. Vashingtonga ko‘ra, ukrainaliklar «o‘z hududlarini qaytarib olishda davom etish uchun havo mudofaasi yoki boshqa imkoniyatlardan juda muvaffaqiyatli foydalanishmoqda», dedi Sabrina Singx.

Ko‘proq yangiliklar: