Anatoliy Sobchakning sirli o‘limi: Rossiyadagi taniqli siyosatchining joniga qasd qilinganmidi?

Jahon 15:14 / 13.10.2024 28445

SSSR parchalanib ketgach, Rossiya ichki muammolar girdobida qoladi. Kavkazda chechenlarning bosh ko‘tarishi, hukumatdagi kelishmovchiliklar va Moskvadagi hukumat uyining harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi mamlakat uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqaradi.

Alal-oqibat, 1996 yilda ikkinchi muddatga saylangan prezident Boris Yelsin iste’fo beradi va uning o‘rniga mamlakatni sobiq FSB rahbari Vladimir Putin boshqara boshlaydi.

Sankt-Peterburgdan chiqqan va 1990-yillar boshlarida Rossiyadagi eng taniqli siyosatchilardan biri bo‘lgan Anatoliy Sobchakning shogirdi Putin 2000 yil 26 mart kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozonadi.

Saylovdan 35 kun avval Sobchak Svetlogorskdagi mehmonxonada sirli ravishda vafot etadi. O‘shanda uni ayrimlar yurak xurujiga uchragandi desa, boshqalar qotillik qurboni bo‘lganini aytib chiqqandi.

Inqilobchi Sobchak

Anatoliy Sobchak 1937 yilda Chita shahrida tug‘ilgan. Uning bolaligi O‘zbekistonda, Toshkent va Qo‘qon shaharlarida o‘tgan.

Gap shundaki, Sobchakning otasi Qo‘qonda tug‘ilgan. So‘ng umrining oxirigacha Toshkent va Qo‘qon shaharlarida yashagan. Anatoliy onasi Chitaga borgan paytda Rossiyada tug‘ilgan.

U maktabni bitirgach 1956 yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil oladi.

O‘qishni bitirgach, bir qancha hududlarda advokat bo‘lib ishlaydi va 1962 yilda Leningradga qaytib aspiranturada o‘qiydi. 1964 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi.

1965-1968 yillarda Leningraddagi militsiya maktabida, 1968-1973 yillarda Leningrad texnologiya institutida o‘qituvchilik qiladi.

1982 yilda avvaliga yuridik fanlari doktori, so‘ng professorga aylanadi. 1985 yilda Leningrad davlat universitetida kafedra mudiri bo‘ladi.

Anatoliy Sobchak rafiqasi bilan, 1970-yillar

Siyosiy faoliyat

Sobchak KPSSga ancha kech, 1988 yilda 51 yoshida a’zo bo‘ladi va 1990 yilda undan chiqib ketadi. 1989 yilda u SSSR xalq deputatligi uchun nomzodini qo‘yadi.

Rossiyalik jurnalist Nikolay Svanidze o‘shanda Sobchakning ishonchli vakili Rossiyaning bo‘lajak prezidenti Dmitriy Medvedev bo‘lgani va targ‘ibot varaqalarini u boshchiligidagi talabalar tarqatgani haqida yozgan.

Keyinchalik, Medvedev Rossiya-1 telekanaliga bergan intevyusida Sobchakning targ‘ibot varaqalarini va afishalarini ko‘chalarga yopishtirib yurganini aytgan.

O‘sha saylovda Sobchak g‘alaba qozonadi va SSSR xalq deputatiga aylanadi. Shundan so‘ng Sobchak Medvedevni Leningrad shahar kengashiga chaqirib oladi.

1990 yilda Sobchakning jamoasiga Leningrad davlat universiteti rektorining yordamchisi, KGBning birinchi bosh boshqarmasi podpolkovnigi Vladimir Putin ham qo‘shiladi.

1990 yil aprelda Sobchak Leningrad shahar kengashi (Lensovet) deputati bo‘lib saylanadi. Oradan bir oy o‘tib u Lensovet raisi bo‘ladi.

Ana shu paytda u Moskvadagiga o‘xshab Leningradda ham mer lavozimini joriy etish haqidagi taklifini tasdiqlatib oladi.

Oradan bir yil o‘tgach Leningradda shahar merini saylash uchun saylov o‘tkaziladi va unda Sobchak g‘alaba qozonadi. Uning birinchi qilgan ishi shaharga Sankt-Peterburg nomini qaytarish bo‘ladi.

Rossiyaning hozirgi prezidenti bir paytlar Sobchakka "shogird" bo‘lgan

GKChPga qarshi

1991 yil avgust oyida SSSRning bir guruh yuqori lavozimli shaxslari davlat to‘ntarishi uyushtirishadi va davlat boshqaruvini qo‘lga olishadi.

Ana shunda Sobchak ularga qarshi chiqadi va Rossiya rahbari Boris Yelsinni qo‘llab-quvvatlaydi. SSSR parchalanib ketgach, u Rossiyaning yangi konstitutsiyasi ustida ishlovchi guruh tarkibiga kiradi.

O‘sha paytlarda Sobchakning obro‘si juda ko‘tarilib ketadi va uning 1996 yilda Rossiya prezidentligi uchun nomzodini qo‘yishi haqida gap tarqaladi.

Biroq, 1995 yil dekabrda Yelsin jamoasidagilarning bosimi ostida u prezidentlik uchun nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qiladi.

Keyinchalik, uning qizi Kseniya Sobchak 1995 yilda bir guruh davlat amaldorlari otasini zaharlab yo‘q qilishga uringanini aytgan.

Sobchak qizi Kseniya Sobchak va xotini bilan

Kseniyaga ko‘ra Sobchakka qasd qilganlar orasida Rossiya bosh prokurori Yuriy Sakuratov, FSB xodimi, Yelsinning shaxsiy qo‘riqchisi Aleksandr Korjakov, FSB rahbari Mixail Barsukov va Rossiya mudofaa vaziri Anatoliy Kulikov kabilar bo‘lgan.

1996 yilda u Sankt-Peterburg gubernatorligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda Yelsinning jamoasiga yaqin bo‘lgan Vladimir Yakovlevga yutqazadi. O‘shanda uning saylovoldi shtabi rahbari Putin bo‘lgan.

Shundan so‘ng Sobchakning boshi uzra qora bulutlar aylana boshlaydi va uni Rossiya bosh prokuraturasi tergov qiladi. U mer bo‘lib ishlagan paytda korrupsiyaga qo‘l urishda gumonlanadi.

1998 yilda Sobchak pora olishda ayblanadi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Oradan bir yil o‘tgach jinoyat ishi yopiladi.

O‘sha paytlarda Putin Sobchakning "soyasi" bo‘lgan va barcha joyda uning yonida yurgan

1999 yilda Rossiyadagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib ketadi. Putin avvaliga bosh vazir etib tayinlanadi. So‘ng Yelsin prezidentlikdan voz kechadi va Putin Rossiyani vaqtincha boshqara boshlaydi.

2000 yil bahorda Rossiyada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi e’lon qilinadi. O‘sha yili 14 fevral kuni Sobchak Putinning ishonchli vakili etib tayinlanadi. Biroq u saylovgacha yashamaydi va to‘satdan vafot etadi.

O‘lim va shubhalar

2000 yil fevral oyida Sobchak Kaliningrad oblastidagi Svetlogorsk shahriga boradi va «Rus» mehmonxonasiga joylashadi.

Kechki ovqatni yegandan so‘ng u xonasiga boradi va o‘sha yerda mazasi qochadi. Shu paytda uning oldida taniqli tadbirkor Shabtay Kalmanovich bo‘lgan. Sobchak tadbirkorning qo‘lida jon bergan. O‘sha paytda u 68 yoshda edi.

Shifokorlarning xulosasiga ko‘ra siyosatchi yurak xurujiga uchragan. Biroq omma orasida «juda ko‘p narsani biladigan» Sobchak qotillik qurboni bo‘lgani haqida gap-so‘zlar chiqadi.

Boshqa tomondan Sobchak mehmonxonada me’yordan oshiq miqdorda spirtli ichimliklar ichgani va yuragi bunga dosh bermagani haqida mish-mishlar tarqaladi.

Sobchakning jasadini ekspertizaga jo‘natishadi, Kaliningrad viloyati prokuraturasi Sobchakning o‘limi yuzasidan qotillik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

O‘shanda butun mamlakat ekspertiza natijasi qanday chiqishini qiziqib kutadi. 2000 yil avgust oyi boshlarida prokuratura Sobchakning qonida spirtli ichimliklar topilmagani, unda yurak yetishmovchiligi kasalligi bo‘lgani va u shundan vafot etgani haqida xabar tarqatadi. 2000 yil 4 avgustda ish yopiladi.

Anatoliy Sobchak O‘zbekistonga kelganida ham Putin uning yonida bo‘lgan

Rossiyalik siyosatchi va jamoat arbobi, Sobchakning xotini Lyudmila Narusova mustaqil ekspertiza o‘tkazadi va eri yurak xurujidan o‘lmaganini aytib chiqadi.

Rossiyalik jurnalist Olga Romanovaning versiyasiga ko‘ra, Sobchak tabiiy vafot etmagan, u qotillik qurboni bo‘lgan.

Anatoliy Sobchak vafot etganiga bu yil 24 to‘ldi. O‘shandan buyon ko‘pchilik tahlilchilar u o‘z ajali bilan vafot etmagani, Sobchakni o‘ldirishgani haqida aytib kelishadi.

2009 yilda Sobchak vafot etayotganda uning yonida bo‘lgan tadbirkor Shabtay Kalmanovich Moskva markazida o‘ldirib ketiladi.

O‘shanda Kalmanovich Mercedes-600 da ketayotganda chorrahalarning birida uning yoniga yengil mashina kelib to‘xtaydi va unda o‘tirganlar o‘t ochishadi. Kalmanovich shu joyda halok bo‘ladi.

Shundan so‘ng omma yana Anatoliy Sobchakni eslab qoladi. Odamlar Kalmanovichni bekorga o‘ldirishmaganini, u Sobchakning so‘nggi onlari haqida muhim ma’lumotlarni bilgani uchun o‘ldirilganini gapira boshlaydi.

Kalmanovichni o‘ldirgan shaxslar 2019 yilda qotillikdan 10 yildan o‘tib «ushlanadi». Ular ingushetiyalik ikki yigit bo‘lib chiqadi. 2022 yilda ular uzoq muddatga qamaladi.

Shabtay Kalmanovich

Sobchakning o‘limiga FSBning aloqasi bormi?

Sobchakning sirli o‘limi haqida gap ketar ekan, ayrimlar bu ishda FSBning qo‘li borligi haqida gapirishadi. Ular bunga sabab sifatida o‘sha paytda Rossiyada Sobchakning obro‘si juda baland bo‘lganini va bu narsa kimlargadir xush kelmaganini keltirishadi.

Biroq Sobchak Rossiya rahbari bo‘lish uchun «o‘lib-tirilmayotgandi». Hatto 2000 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga ham o‘z nomzodini qo‘ymagandi.

2024 yil 1 avgust kuni Rossiya G‘arb bilan mahbuslarni almashtirdi. Rossiya bir qator siyosiy mahbuslar, jumladan, Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Pol Uilan va Evan Gershkovichni ozod qildi.

G‘arb esa FSB xodimi Vadim Krasikov, Roman Seleznov, FSB zobiti Vadim Konoshenok, Artyom va Anna Dulsevlar va boshqalarni ozod qildi.

Bu almashuvda ishtirok etganlar orasida chechen muxolifatchisini o‘ldirgani uchun Germaniyada umrbod qamoq jazosini olgan Vadim Krasikov dunyo OAV diqqat markazida bo‘ldi. Chunki mahbuslar almashtirilganda Putin Krasikovni bag‘riga bosib kutib oldi.

G‘arb OAVda yozilishicha, Krasikov Putin bilan u Sankt-Peterburgda Sobchakning yordamchisi bo‘lib ishlab yurgan paytlaridayoq «do‘st» tutingan. O‘sha paytda ular birga ovlarga chiqib yurishgan. So‘ng Krasikov Putinga tansoqchilik qilgan.

Putin prezident bo‘lganidan keyin ham Krasikovni yoniga olgan. U prezidentni qo‘riqlaydigan tansoqchilar guruhiga o‘tgan va Putinga sadoqat bilan xizmat qilgan.

Almashuvdan so‘ng ayrim OAV yana Anatoliy Sobchakni eslab qolishdi. Ularda yozilishicha, Vadim Krasikov bir paytlar Sobchakka ham xizmat qilgan va uning tansoqchisi bo‘lgan. Siyosatchi zaharlanib vafot etgan kuni u ham Svetlogorskdagi mehmonxonada Sobchak bilan birga bo‘lgan.

Mahbuslar almashuvidan keyin Krasikov Rossiyaga qaytgach o‘shanda kimlarningdir buyurtmasi bilan Sobchakni u zaharlab o‘ldirgani ham yozildi.

Krasikovning Sobchakning zaharlab o‘ldirilishida qatnashgani uzil-kesil tasdiqlanmagan. Siyosatchining o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar qachonlardir oshkor bo‘ladi va balki uni kim zaharlagani o‘shanda ochiqlanar.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: