Yevroittifoq Rossiyani don kemalariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi

Jahon 09:53 / 11.10.2024 3602

Yevropa Ittifoqi Rossiyani Qora dengizda don tashuvchi kemalarga hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. 10 oktyabr, payshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning matbuot kotibi Piter Stano: «Bu hujumlar xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishini tashkil etadi», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qora dengizda don tashuvchi kemalarga hujum qilib, Rossiya «Afrika va Osiyodagi yordamga muhtoj millionlab odamlarning oziq-ovqat ta’minotini xavf ostiga qo‘yadi», deb xabar beradi dpa agentligi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi paytlarda Ukraina donini olib ketayotgan yuk kemalariga ataylab bir necha bor hujum qilgan.

Rossiyaning Ukraina janubidagi portlariga hujumi

10 oktyabr kuni Odessa oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleg Kiper Telegramʼda Rossiyaning Odessa oblasti portlaridagi infratuzilma va fuqarolik kemalariga so‘nggi uchta zarbasi natijasida sakkiz nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kiperning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya ataylab tinch aholi va himoyasiz odamlarni nishonga olmoqda». Bu zarbalardan maqsad Ukraina o‘z donini eksport qilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir, deb yozgan edi u avvalroq.

Odessa OHM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Rossiya Odessa port infratuzilmasini ballistik raketalar bilan o‘qqa tutib, Panama bayrog‘i ostidagi konteyner tashuvchi Shui Spirit kemasini nishonga olgan. Ushbu hujum natijasida kamida olti kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi yaralandi.

7 oktyabr kuni Rossiya ballistik raketasi Palau bayrog‘i ko‘tarilgan fuqarolik kemasiga borib urildi. 60 yoshli ukrainalik, yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi xususiy kompaniya xodimi vafot etdi. Yana besh nafar xorij fuqarosi yaralangan, deb xabar berdi Kiper.

6 oktyabr kuni Odessa oblasti prokuraturasi Rossiya Qurolli kuchlarining Odessa va oblastga Shahed-136 uchuvchisiz uchish apparati va «Iskander-M» ballistik raketasi yordamida hujum qilgani, natijada yuk tashuvchi fuqarolik kemasiga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, omborlardan birining qo‘riqchisi bo‘lgan 59 yoshli erkak tan jarohati olib, kasalxonaga yetkazilgan.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Kulebaning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida Rossiya Ukraina janubidagi portlarga 60 ta hujum uyushtirgan. Shu bilan birga, 300 dan ortiq bino, 177 ta mashina va 22 ta kema zarar ko‘rgan. Kulebaning Telegramʼdagi bayonotiga ko‘ra, 79 nafar tinch aholi, jumladan port xodimlari va kema ekipaji a’zolari yaralangan.

Don eksporti uchun Ukrainaning yangi dengiz yo‘lagi

Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng, Rossiya Qora dengiz floti Ukrainaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining dengiz orqali eksportiga to‘sqinlik qilishga urindi. 2022 yil iyulidan 2023 yil iyuligacha «don kelishuvi» amal qilgan — BMT va Turkiya vositachiligida Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda Rossiya xavfsizligi kafolatlari bo‘yicha tuzilgan kelishuv. Biroq, 2023 yil iyul oyida Rossiya 17 iyulda muddati tugagan «don bitimi»ni amalda bekor qilganini bildirdi. Shu bilan birga, Moskva G‘arbni kelishuvlarning bir qismini bajarmaganlikda aybladi.

Shundan so‘ng, 2023 yilning kuzida Kiyev Qora dengizning g‘arbiy qismida yangi xavfsiz dengiz yo‘lagini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bungacha Ukraina qurolli kuchlari Zmeiniy orolini ozod qilib, Rossiyaning bir qancha harbiy kemalarini, jumladan, Rossiya Qora dengiz flotining flagmani «Moskva» kreyserini cho‘ktirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: