Toshkent viloyatining Toshkent tumanida kotlovan qazish jarayonida qurilish obektiga tutash uyning darvozaxona qismi qulab tushdi. Holat 8 oktyabr kuni tumanning Bahor mahallasida sodir bo‘lgan.
Kun.uz jurnalisti uy egasining o‘g‘li bilan bog‘lanib, voqea tafsilotlarini so‘radi. Uning ma’lum qilishicha, holat sodir bo‘lganida onasi va otasi uyda bo‘lgan.
“O‘zim ko‘chada edim. Telefon bo‘lgach zudlik bilan yetib bordim. Qarasam, uyning bir qismi qulab tushibdi. Onam va otamning mazasi bo‘lmay qoldi. Darhol tez tibbiy yordam va qutqaruvchilarga murojaat qildim.
Qutqaruvchilar qo‘shnimizning devorini buzib, uydan onam va otamni olib chiqishdi. Onamning sog‘ligi yomonlashib qolgan ekan, shifoxonaga olib ketishdi. Tibbiy yordam ko‘rsatilib, holatlari yaxshilangach qaytarib olib keldik.
Otam bungacha bir necha bor quruvchilarni kotlovanni yaqin qazmaslik bo‘yicha ogohlantirgan ekan. Ammo hech narsa bo‘lmaydi, deya bilganini qilishgan”, deydi mulk egasining farzandi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu qurilish ishlari noqonuniy tartibda amalga oshirilayotgan bo‘lishi mumkin. Negaki, mahalla aholisining aksariyat qismi qarshi bo‘lishiga qaramay “Toshkent mega stroy” MChJ tomonidan qurilish ishlari boshlangan. Tegishli mas’ullarga qilingan murojaatlardan esa natija bo‘lmagan.
Avvalroq Toshkent shahri Chilonzor tumanida kotlovan sabab yo‘lning bir qismi qulab tushgandi.