Olimlar 75 yoshda ham tamaki chekishni tashlash inson umrini uzaytirishini aniqladi

Jahon 21:11 / 09.10.2024 1765

Michigan universiteti olimlari har qanday yoshda ham tamaki chekishdan voz kechish inson sog‘lig‘i uchun foydali va umrni uzaytirishini aniqladi. Bu haqda American Journal of Preventive Medicine (AJPM) ilmiy jurnalida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Tamaki tutuni tarkibida minglab zaharli moddalar mavjud bo‘lib, u tananing deyarli barcha organlariga zarar yetkazadi va saratonning ko‘plab turlarini, insult, yurak va o‘pka kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Mutaxassislar 35 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan insonlar o‘rtasida 10 yillik muddat bilan chekishning umr davomiyligiga ta’sirini o‘rganib chiqdi. Tadqiqotchilar turli yoshda chekishni tashlashning afzalliklarini ko‘rsatadigan inson umri davomiyligi jadvallarini tuzish uchun chekish bilan bog‘liq barcha ehtimoliy o‘lim holatlarini inobatga oldi.

Natijalarga ko‘ra, 65 yoshida chekishni tashlagan insonlarning qariyb 10 foizi bu ishni amalga oshirmaganlarga nisbatan kamida sakkiz yilga uzoqroq yashaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, 65 yoshida tamaki chekishni tashlaganlarning umrini kamida bir yilga uzaytirish imkoniyati 23,4 foizni,75 yoshda esa 14,2 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 75 yoshida chekishni tashlaganlarning 8 foizi umrini chekuvchilar bilan taqqoslaganda kamida to‘rt yilga uzaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: