Botqoqlikdan turistik maskanga aylantirilgan daryo. Pekin buni qanday uddaladi?

Jahon 12:35 / 09.10.2024 14388

Gap Bahe daryosining irmog‘i Lyanma haqida ketmoqda. Bundan o‘n yil oldin ham daryo suvi kirlanib yotgan kichik anhor edi. Daryoning beton urilgan qirg‘oqlari tik va chuqur bo‘lib, yonida ofis binolari joylashgan. Ammo o‘sha paytda bu binolarning eshiklari daryodan teskari tomonga qaratilgandi. Atrofda sayr qilishga qiziqadigan odamlar ko‘p ham uchramasdi.

So‘nggi yillarda Lyanma daryosi odamlarni bir qator o‘zgarishlar bilan muntazam hayratga solmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda daryoning o‘tgan asr oxiridagi xaroba holati va bugungi xushmanzara ko‘rinishi solishtirilgan suratni tez-tez uchratish mumkin.

Birinchi o‘zgarish 2019 yilda yuz berdi. Daryo bo‘yida joylashgan 22 ta sub’yekt qayta qurish ishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida kuchlarini birlashtirdi.

Iflos to‘siqlar va noqonuniy avtoturargohlar olib tashlandi. Keyinchalik, qirg‘oq bo‘ylab 800 000 kvadrat metr maydonni qamrab olgan Xalqaro sohil barpo etildi. Bu o‘zgarish daryoni keng bog‘ga aylantirdi.

Ikkinchi o‘zgarish 2021 yilda amalga oshirildi. O‘sha kuz davomida odamlar daryoning ikki kilometrlik qismida qayiqlarda suzishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik yo‘nalish oqim bo‘ylab yana 4 kilometrga uzaytirildi. Bu esa hududning tabiiy go‘zalligini namoyon etdi, chunki undagi qamishzorlar kichik oq qarqara va yovvoyi o‘rdaklar maskaniga aylangandi.

Imperator otlariga xizmat qilgan daryo

Lyanma daryosi uzoq tarixga ega. Imperator Yongle Zu Di 1420 yilda Pekinni Min sulolasining poytaxtiga aylantirgandan so‘ng imperator otlari ham yangi saroyga ko‘chiriladi. Otlarni shaharga olib borishdan avval cho‘miltirib, tozalash uchun Lyanma kabi kichikroq irmoqlar ayni muaddao edi. Bu yerdan nafaqat imperator otlari uchun, balki poytaxt bozorlariga olib borilayotgan otlarni yaltiratish uchun foydalanilgan. Cho‘miltirilgan otlar daryo bo‘yida bir muddat oftobda quritilgan. Shundan kelib chiqib, o‘tmishda daryo nomi liàngmhe, “otlar quyoshda quritiladigan daryo” deb atalgan. Keyinchalik u “yorqin” ma’nosini beruvchi hozirgi nomni oldi.

Imperiya davrida Lyanma daryosi o‘rnida asosan yo‘l va ariqlar qolgan, ammo XX asrda poytaxtning kengayishi va tumanga aylantirilgan bu hududning rivojlanishi eski shahardan sharqqa suv yo‘llarini qurish va kengaytirishni talab qildi. Hududdagi drenajni yaxshilash uchun ishchilar 1980 yillarning boshlarida daryoning qariyb 7 kilometrlik qismini qazidi. Eroziyaning oldini olish uchun qirg‘oqlar beton va tosh bilan mustahkamlandi. Lyanma daryosi zamonaviy shaklga keltirila boshladi.

Tez orada yangi qazilgan suv yo‘li atrofida elchixonalar va boshqa ko‘chmas mulk obektlari qurildi. 1980 yillarning oxirida shaharning eng qadimgi “besh yulduzli” mehmonxonalaridan ikkitasi — Great Wall Hotel va Kunlun Hotel, shuningdek, 31 qavatli Landmark Tower minorasi Lyanma daryosi qirg‘oqlari yaqinida qad rostladi. 1992 yilda Lufthansa Friendship Mall daryo bo‘yidagi nufuzli loyihalar qatoriga qo‘shildi.

Afsuski, daryo haddan tashqari qurilishlar va e’tiborsizlik tufayli zarar ko‘rdi. Taksi haydovchilari uning suvidan avtomobillarini yuvishda foydalandi. Tuman ko‘chalari va korxonalaridan oqib kelayotgan chiqindi suvlar Lyanmani yoz oylarida badbo‘y botqoqlikka aylantirdi. Daryo suvini tozalshga e’tibor qaratilmadi.

2019 yilga kelibgina daryoning tabiiy ko‘rinishini yaxshilash boshlandi. Bunga ta’sir qilgan omillardan biri COVID-19 pandemiyasi edi. Karantin paytida klublar va yopiq binolarda dam olish imkoniyatidan mahrum etilgan aholi daryo bo‘yida sayr qilishni, turli tadbirlar o‘tkazishni boshladi.

24 ta ko‘prikka ega Lyanma daryosi bugun xorijlik sayyohlar uchun ham shahar ichidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: