AQSh hukumati Google'ni parchalashni talab qilishi mumkin

Fan-texnika 17:01 / 09.10.2024 3903

Google'ga o‘zining ayrim qismlarini sotish majburiyati yuklatilishi mumkin. AQSh Adliya vazirligi bu borada federal sudyaga iltimosnoma kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Agar bu amalga oshsa, dunyo eng yirik texnologik kompaniyalardan birining tarixiy bo‘linishiga guvoh bo‘ladi, deb yozmoqda Bloomberg.

Monopoliyaga qarshi organ bu bilan Alphabet Inc. kompaniyasining onlayn qidiruv tizimlari orasidagi ustun mavqeyini cheklashni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, Google'ga qidiruv natijalarini shakllantirishga asos bo‘lgan ma’lumotlarni va sun’iy intellekt mahsulotlarini ochiqlash majburiyatini ham qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

Vazirlik izohiga ko‘ra, bunday majburiyatlarni yuklash – monopol kompaniya tomonidan o‘z raqobatchilari yoki yangi o‘yinchilarning bozordagi imkoniyatlarini cheklashiga olib keluvchi harakatlar bo‘lishining oldini olishga yordam beradi.

Rasmiylarning fikricha, Google o‘ziga tegishli dasturiy mahsulotlar (Chrome brauzeri, Play ilovalar do‘koni, Android operatsion tizimi va boshqalar)dan o‘z qidiruv tizimi va o‘ziga tegishli boshqa servislarni ommalashtirish maqsadida foydalanmasligi kerak.

Monopoliyaga qarshi organlar Google va boshqa yirik texnologik kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan, smartfonlar va veb-brauzerlardagi birlamchi qidiruv tizimi sifatida Google belgilanishini ko‘zda tutuvchi shartnomalarni Google tomonidan noqonuniy ravishda monopoliya o‘rnatish harakatlari deb baholamoqda.

Prokurorlarning hozircha loyiha shaklidagi talabnomasiga ko‘ra, internetdagi veb-saytlarda Google'ning sun’iy intellekt mahsulotlaridan qochish imkoniyati bo‘lishi kerak. Kompaniyaga ana shu imkoniyatni joriy qilish talabi qo‘yilishi mumkin.

Bundan tashqari, Google'ga boshqa qidiruv tizimlari va potensial raqiblariga investitsiya kiritish cheklab qo‘yilishi mumkin. AQSh Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ehtimoliy choralar ro‘yxatidan, shuningdek, kompaniyaga reklama bilan bog‘liq qo‘shimcha talablar qo‘yish ham o‘rin olgan.

Google vazirlikning bu niyatlarini “radikal” deb atadi. Kompaniya bayonotida aytilishicha, agar hukumat e’lon qilingan bu ehtimoliy choralarni qo‘llashni rasman suddan so‘rasa va sud so‘rovni qanoatlantirsa, bu “iste’molchilar va tadbirkorlik sub’yektlariga, Amerikaning raqobatbardoshligi uchun ko‘zda tutilmagan jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi”.

Tahlilchilar monopoliyaga doxil ayblovlarga qaramay, hozirgi nuqtada Google'ning parchalanishi ehtimoli juda kamligini aytmoqda. Kompaniya bu masalada hukumat bilan yillar davomida sudlashishi mumkin.

Ayni paytda AQShda Google'ga nisbatan monopoliya ayblovlari bilan alohida da’vogarlar (federal hukumat, shtatlar va kompaniyalar) tomonidan qo‘zg‘atilgan bir nechta sud ishlari davom etmoqda. Shuningdek, texnologik sektorning boshqa bir nechta yirik vakillari ustidan ham o‘xshash ayblovlar bilan sud jarayonlari ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prokurorlari bundan 20 yil oldin noqonuniy monopoliya ayblovlari bilan Microsoft Corp'ga qarshi kurashgan, ammo o‘shanda sud kompaniyani bo‘lib yuborish to‘g‘risida buyruq chiqarishni rad etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: