Xitoyda matematikani o‘zlashtirishga qiynalayotgan bolalar uchun maxsus klinika ochilmoqda

Jahon 16:41 / 08.10.2024 5328

8 oktyabr kuni Xitoyning Shanhay shahrida joylashgan Bolalar tibbiyot markazi negizida matematikani tushunishda qiynalayotgan bolalar uchun maxsus klinika ochiladi. U yerda o‘quvchilarni “kompleks” usulda, jumladan dori vositalari yordamida “davolash” ko‘zda tutilgan. Bu haqda South China Morning Post mahalliy OAVga tayanib xabar bermoqda.

Klinikani Shanhay Jia Tong universiteti va Psixologiya va xulq-atvor fanlari institutining psixiatrlar jamoasi boshqaradi.

Mutaxassislarning fikricha, matematik masalalarni, ayniqsa, geometriyani yechishda fazoviy fikrlash qobiliyati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu qobiliyat uchun miyaning tepa qismi mas’ul hisoblanadi. Klinika vakillari tomonidan havola qilingan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, geometriyani o‘zlashtirishda qiynaladigan o‘quvchilarda miyaning tepa qismi pastroq faollik ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, fazoviy idrok va tasavvur yetishmovchiligi o‘quvchilarning algebra, fizika va kimyo kabi boshqa fanlarni o‘zlashtirishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etildi.

Mutaxassislar dori-darmonlar bilan davolash va bemorlarning ota-onalari bilan ishlashni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvdan foydalanib, o‘quvchilarning aniq fanlarni o‘zlashtirishiga yordam berishni va’da qilmoqda. Klinikada dastlab tashxis qo‘yiladi va mavzuni tushunish bilan bog‘liq muammolarning sabablari aniqlanadi, so‘ng muolaja tayinlanadi.

Har bir bemor uchun bitta qabul 316 yuan (taxminan 45 dollar) turadi. Shuningdek, matematikani o‘rganishda yordam olish uchun kattalar ham murojaat qilishi mumkin — klinikada yosh chegaralari yo‘qligi ta’kidlanmoqda. Aftidan, markaz hali ochilmasdan turib ommalashishga ulgurdi: oktyabr oyi uchun barcha joylar band qilingan.

Ammo mahalliy o‘qituvchilarning g‘ayrioddiy klinika ochilishiga munosabati turlicha. Masalan, Shanhay tumanidan matematika bo‘yicha katta o‘qituvchi Chan Zeng dasturni qo‘llab-quvvatlab, agar tibbiy tahlil yordamida o‘quvchilarning zaif fazoviy fikrlash sabablari aniqlansa va tegishli tuzatishlar kiritilsa, bu ularga bilimlarni yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam berishini ta’kidladi.

Ismini sir tutgan boshqa o‘qituvchi esa bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, matematikani tushunishga fiziologik omillar ta’sir qilmaydi. O‘qitishdagi qiyinchiliklar esa, masalan, fanni o‘qitish metodikasining samarasizligi yoki o‘quvchilarda qiziqishning yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: