Avvalroq, Dubay-Toshkent yo‘nalishida uchib kelib, bojxona ko‘rigida navbatda turgan ayolning sog‘lig‘i yomonlashgani va shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandik.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, holat 2024 yil 7 oktyabr kuni sodir bo‘lgan va ayol shifoxonada vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, Dubay-Toshkent yo‘nalishida uchib kelib, sog‘ligi yomonlashgan 38 yoshli ayol Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Tibbiy reanimatsion muolajalarga qaramasdan ayolda biologik o‘lim holati qayd etilgan.
Qayd etilishicha, marhumaning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlarda ayolning o‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, Bosh prokuratura matbuot kotibi uning vafot etganini rad etib chiqqan va ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgandi.