Eron havo hududini yana 9 soatga yopdi

Jahon 09:42 / 07.10.2024 6570

Eron hukumati havo qatnovini yana to‘xtatdi. Butun mamlakat bo‘ylab parvozlar 6 oktyabr, yakshanba kuni soat 21.00 dan (Toshkent vaqti bilan 22.30) bekor qilindi. Taqiq 7 oktyabr kuni ertalab soat 6.00 (Toshkent vaqti bilan 7.30)gacha amal qiladi, deb xabar bermoqda Eronning Mehr va Isna agentliklari fuqaro aviatsiyasi idorasi vakiliga tayanib.

Bu choraga sabab sifatida «operativ cheklovlar» keltirilmoqda. Qo‘shimcha tushuntirish berilmagan.

Tehron 2 oktyabr kuni Isroilga hujumidan keyin ham xuddi shunday choralar ko‘rgan edi. Eron ustidagi havo hududi 48 soatga yopildi. Bundan tashqari, taqiq olib tashlanganidan keyin ham Tehronga va undan xalqaro reyslar amalga oshirilmadi.

AQSh va Isroil TsAHALning Erondagi ehtimoliy nishonlarini muhokama qilmoqda

AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qo‘shma Shtatlar hukumati Isroil bilan Eronning yirik raketa hujumiga ehtimoliy javob choralarini muvofiqlashtirayotganini ma’lum qildi. «Ammo men ehtimoliy nishonlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni muhokama qilishni o‘rinsiz va unchalik foydali emas deb hisoblayman», dedi Pentagon vakili Isroil Eron neft obektlarini nishon sifatida ko‘radimi, degan savolga javob berar ekan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyati Isroilning Eron neft sanoatiga ehtimoliy hujumini «muhokama qilayotganini» aytdi. Siyosatchining izohi neftning jahon narxlarida sakrashga sabab bo‘ldi. Londonning ICE birjasida Brent markali neft narxi sentabr boshidan beri birinchi marta 5,04 foizga oshdi va bir barrel uchun 77,63 dollargacha ko‘tarildi.

Bir kun avval Amerika yetakchisi Vashington Isroilning Erondagi yadroviy inshootlarga zarba berishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: