«Bayrut harbiy harakatlar maydoniga aylandi». Isroil yana Livan poytaxtiga zarbalar berdi

Jahon 17:22 / 06.10.2024 5013

Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil Bayrutning janubiy qismiga yopirilma raketa zarbalari yo‘llab, «Hizbulloh»ning infratuzilma obektlariga hujum qilgan.

Zarbalar birin-ketin berildi va amalda kamida bir yarim soat davomida to‘xtovsiz davom etdi, deya xabar bergan Reuters agentligi guvohlarga asoslanib.

Bayrut uzra olov chaqnashi va oq yoki ko‘k rangdagi olovli sharlarni bir necha kilometr masofadan ham ko‘rish mumkin edi, deya ta’kidlaydi guvohlar.

BBC’ning Bayrutdagi muxbiri shahar chekkasida kamida oltita portlash ovozi eshitilgani, bu zarbalar orasida uchayotgan dronlar ovozlari ham quloqqa chalingani haqida aytib bergan.

Muxbirning qayd etishicha, zarbalardan biri, katta ehtimol bilan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga yo‘llangan, bu joy ustida ham olovli shar osmonga ko‘tarilgan, tarqalgan videoga ko‘ra, kuchli yong‘in davom etmoqda.

CNN agentligining Bayrutdagi jurnalistlari tungi hujumni so‘nggi vaqtlardagi eng shiddatli hujumlardan biri sifatida ta’riflagan.

Isroil mudofaa armiyasi «Bayrut hududida „Hizbulloh“ga aloqador bo‘lgan nishonlar bo‘ylab zarbalar yo‘llagani»ni tasdiqlagan. Hujum boshlanishidan bir necha soat oldin TsAHAL o‘z odatiga ko‘ra o‘z rejasi to‘g‘risida ogohlantirib, «yaqin vaqtlar ichida» qaysi hududlar nishon bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib, bu joylardan 500 metr radiusdagi odamlarni zudlik bilan ketishga chaqirgandi.

Aeroport yaqinidagi hudud shanbaga o‘tar kechasi ham Isroil raketalari bilan o‘qqa tutilgandi.

Shanba kuni tongda Isroil qo‘mondonligi «Hizbulloh»ning «tog‘lar, chakalakzorlar va aholi zich yashovchi hududlar»da qurilgan va «portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan» qurol omborlari yo‘q qilingani haqida e’lon qilgandi.

Shanba kuni kechqurun zarbalar yo‘llangan hudud aholisi zarba haqida oldindan ogohlantirilgan, ularga evakuatsiya uchun vaqt berilgan. Shu bilan birga, BBC muxbirlari qayd etishicha, bu hududni tark etishga rozi bo‘lganlarning barchasi allaqachon ketgan va shimolga, Suriya hududiga borib o‘rnashgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, «Isroil aviazabalari» tufayli Livandan Suriyaga qochqinlar oqimi kuzatilgan, chegaradan o‘tganlar soni 200-300 ming kishini tashkil etadi.

Juma kuni kechqurun Isroil aviatsiyasi ikki mamlakat chegarasidagi asosiy o‘tish punktiga zarba yo‘llab, amalda avtotransport harakatini to‘xtatib qo‘ydi: endi chegaradan faqat piyoda holda o‘tish mumkin.

Isroillik harbiylar Livanda quruqlik amaliyoti boshlanganidan buyon «Hizbulloh»ning 440 nafar jangarisi yo‘q qilinganini aytmoqda, guruhdagilar esa bunga izoh bermagan.

Isroil so‘nggi to‘rt kun davomida «Hizbulloh» Livan janubidan 700 dan ortiq raketa uchirgani haqida xabar bergan.

Shuningdek, isroillik harbiylar «chegara hududlarda «Hizbulloh» terrorchilari foydalangan tunnellar shaxtasi yo‘q qilingani, yo‘l-yo‘lakay o‘nlab jangarilar o‘ldirilib, mamlakat janubida guruh go‘yoki qo‘mondonlik markazi sifatida foydalangan masjid vayron qilingani» haqida xabar qilgan.

Bundan tashqari, tunda Bayrutdan 81 km masofadagi Tripoli shahridagi turar joyga raketa zarbasi yo‘llangan, buning natijasida Hamas harbiy qanotining yangi rahbari Said Attalla rafiqasi va farzandlari bilan birgalikda o‘ldirilgan.

Hamas rahbariyati Attalla, uning rafiqasi va ikki qizi Tripoli yaqinidagi Badaviy qochqinlar lagerida «sionistlar bombalashi» oqibatida halok bo‘lganini tasdiqlagan.

BBC jahon xizmatining Yaqin Sharqdagi (Bayrut) muxbiri Nafisa Konavar: «Buni tan olish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Bayrut harbiy harakatlar hududiga aylandi»

O‘tgan tunda Bayrutda birin-ketin portlashlar ro‘y berdi. Men poytaxtning janubiy chekkasi bo‘ylab yo‘llangan 12 ta aviazarbani sanadim.

Jahon nashrlari «Dahiya» tumani deb atayotgan hudud aslida arab tilidan tarjimada shahar chekkasi degan ma’noni beradi. Shu tufayli zarbalar yo‘llanayotgan hudud Bayrutdan tashqarida degan tasavvur hosil bo‘lgan.

Qaysidir ma’noda bu to‘g‘ri ham. Ammo «Dahiya» — Bayrutning sharqiy qismi, xristianlar yashovchi Axrafiya tumanidagi uyimdan 10 daqiqalik yo‘lda joylashgan.

Kun-u tun shahar ustida isroilliklarning dronlari uchmoqda. Ular hecham ketmaydi, ularning g‘o‘ng‘illagan ovozi allaqachon shahar shovqiniga qo‘shilib ketdi.

Endi shaharning turli chekkalarida vaqtinchalik palatkali lagerlar paydo bo‘lgan. Kecha Bayrutdagi mashhur Shahidlar maydonida men uylari bombardimon qilingani uchun emas, raketalar ularning uyidan besh daqiqalik masofadagi joyga tushgani uchun palatkalarda yashayotgan oilalarni uchratdim. Bu odamlardan hech biri Dahiyadan emasdi.

Bu satrlarni yozarkanman, yana qayerlardadir portlash ovozlari eshitilmoqda. Bu shaharning «janubiy chekkalari» bo‘ylab navbatdagi aviazarbalar.

Buni aytish oson emas, ammo bir qancha qurolli mojarolarni yoritgan muxbir sifatida, men tushunib turibmanki, biz bunga ishonishni istaymizmi, yo‘qmi, bugungi kunda Bayrutni to‘la ma’noda harbiy harakatlar maydoni deb atash mumkin.

Raketa zarbalari, samolyotlar, dronlar va qochqinlar guruhlari — bularning barchasi Bayrut harbiy harakatlar hududiga aylanganini tasdiqlash huquqini beradi.

Isroilning shanbaga o‘tar kechasi amalga oshirgan hujumlari qaytarilganini ma’lum qilgan «Hizbulloh» bir necha soat o‘tib chegara hududlarda Isroil qo‘shinlari bilan to‘qnashuvlar davom etayotgani to‘g‘risida xabar berdi.

Shu bilan birga, «Hizbulloh» ham Isroil hududini o‘qqa tutishdan to‘xtagani yo‘q. Shanba kuni tongda mamlakat shimolidagi turar joylar raketa zarbalariga uchradi. Guruh bu hujum nishoni Isroilning Hayfa shahri atrofidagi aviabazasi bo‘lganini ma’lum qildi.

G‘arb mamlakatlari shoshilinch ravishda Livandan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda. Isroil har kuni shahar chekkalarini o‘qqa tutishi fonida ham Bayrut aeroportidan samolyotlar havoga ko‘tarilmoqda.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, yigirmadan ortiq mamlakat tomonidan evakuatsiya reyslari amalga oshirilgan. Ularning bir qismi o‘z fuqarolari uchun mavjud tijoriy reyslarga chipta xarid qilgan, boshqalari ular uchun charter reyslar tashkillashtirgan.

Ayrim mamlakatlar esa Livandagi fuqarolarini harbiy samolyotlar orqali ham tashimoqda — bunday yo‘l tutgan davlatlardan biri bo‘lgan Janubiy Koreya Bayrutdan harbiy bort orqali qariyb 100 kishini olib chiqqan.

Isroil Livanda harbiy amaliyot o‘tkazayotganini mamlakat shimolidagi hududlardan qochgan minglab isroilliklar «Hizbulloh» hujumi xavfi tufayli o‘z uylariga qayta olmayotgani bilan izohlaydi.

Isroillik harbiylar shanba kuni «Hizbulloh» Isroil bo‘ylab 90 ta raketa uchirgani, ularning aksari tutib qolinganini ma’lum qilgan.

Ammo o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan livanliklarning ko‘pchiligining borar joyi yo‘q.

«Barchamizning uylarimiz vayron bo‘lgan, — deydi jurnalistlarga majburan Bayrut markaziga qochib kelgan yuz minglab kishilardan biri Ibrohim Nazzal. — Biz qayerga qaytishimizni ham bilmayman…».

Isroil «Hizbulloh»ning Livandagi tayanch punktlari bo‘ylab faol zarba berishni boshlagan 23 sentabrdan buyon halok bo‘lganlar soni 1100 dan oshdi.

«Hizbulloh» tashkil topganidan buyon Eron tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi. Hasan Nasrulloh halok bo‘lganidan keyin Tehrondagi juma namozida kutilmaganda Islom respublikasining amaldagi rahbari, oyatulloh Ali Xominaiy paydo bo‘lib, imomlik qildi.

«Biz Afg‘onistondan Yamangacha, Erondan G‘azo va Livangacha bo‘lgan islom davlatlarida mudofaa, mustaqillik va qadr-qimmat kamarini mahkam bog‘lashimiz kerak», — degan Xominaiy musulmon mamlakatlarini Isroil hujumlari qarshisida birlashishga chaqirib.

Eronning oliy rahnamosi juma namozlarida shaxsan imomlik qilishi kamdan kam kuzatiladigan holatdir. U oxirgi marta to‘rt yil muqaddam, eronlik nufuzli generallardan biri Qosim Sulaymoniy amerikaliklar droni orqali o‘ldirilganida ham shunday yo‘l tutgandi.

Isroil esa hafta boshida Eronning raketa hujumiga javoban ushbu mamlakatdagi neftni qayta ishlash korxonalariga hujum qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini eslatgandi.

Juma kuni esa AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilning o‘rnida bo‘lganida boshqa muqobil variantlarni sinchiklab ko‘rib chiqqan bo‘lishini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: