Livan poytaxti Bayrut 4 oktyabr, jumaga o‘tar kechasi yana Isroil havo hujumlariga uchradi. OAV xabarlariga ko‘ra, bu hujum nishoni 27 sentabr kuni Isroil tomonidan o‘ldirilgan «Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning amakivachchasi va ehtimoliy vorisi Hoshim Safiuddin bo‘lgan.
Shu tariqa, The New York Times gazetasi 4 oktyabr kuni erta tongda isroillik ism-sharifi oshkor qilinmagan uch amaldorga tayanib, Bayrut janubiy chekkasidagi Dahiyada yerosti bunkerida bo‘lib o‘tgan harakat rahbariyatining yig‘ilishida «Hizbulloh» bosh kotibi Hoshim Safiuddin ishtirok etganini yozdi. Nashrning yozishicha, aynan shu bunker Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) zarbasi nishoniga aylangan. Hoshim Safiuddin ushbu hujumda halok bo‘lgan yoki bo‘lmagani haqida xabar berilmagan.
Amerikaning Axios internet-nashri, shuningdek, Isroilning Bayrutga tungi zarbasi nishoni Safiuddin bo‘lganini yozdi. Nashr 2017 yilda AQSh Davlat departamenti uni «maxsus sanksiyalarga tushgan global terrorchilar» ro‘yxatiga qo‘shganini ko‘rsatmoqda.
Zarbadan keyingi fotosuratlar va videolarda Bayrutning janubiy chekkasida tungi osmonga alanga va katta tutun ko‘tarilayotgani aks etgan. Guvohlarning Reuters agentligiga aytishicha, ular zarba sentabr oyi oxirida Hasan Nasrulloh o‘ldirilganda berilgan zarbadan ham kuchliroq ekanini his qilishgan.
Livan: Isroil hujumlari oqibatida bir sutka ichida 46 kishi halok bo‘ldi
Isroilning Bayrut markaziga bergan navbatdagi zarbasi natijasida olti kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Livan sog‘liqni saqlash vazirligi 3 oktyabrga o‘tar kechasi. The Times of Israel internet-nashrining aniqlik kiritishicha, Isroil havo hujumidan so‘ng BMT shtab-kvartirasi, shuningdek, bosh vazirning idorasi va parlament binosi yaqinida joylashgan Boshura hududidagi ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgan.
«Hizbulloh»ning Al-Manar telekanali hujum guruhning tibbiy bo‘limi markazini nishonga olganini da’vo qilmoqda». Avvalroq AFP o‘z muxbirlari Bayrutda kuchli portlash ovozini eshitgani haqida xabar bergan edi. 3 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Telegramʼda Bayrutga «maqsadli zarba» berganini ma’lum qildi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Ushbu hujum qurbonlari orasida qancha jangchi borligi ochiqlanmagan.
Avvalroq, 2 oktyabr oqshomida Livan sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida Isroil hujumlari oqibatida mamlakat bo‘ylab 46 kishi halok bo‘lgani va yana 85 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot tarqatgan edi.