Stokholmda muqobil Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilindi

Jahon 09:45 / 04.10.2024 3464

Stokholmda 3 oktyabr, payshanba kuni muqobil Nobel mukofoti sifatida ko‘riladigan Right Livelihood Awards g‘oliblari nomi e’lon qilindi. 2024 yilda ular: falastinlik inson huquqlari himoyachisi Issa Amro va uning Youth Against Settlemens loyihasi; Filippin tub aholisi huquqlari faoli Joan Karling; mozambiklik tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassis Anabela Lemos va uning Justiça Ambiental! tashkiloti; Britaniyaning Forensic Architecture tadqiqot loyihasi.

Bu yilgi Right Livelihood Awards mukofoti g‘oliblari «zo‘ravonliksiz qarshilik va haqiqatni izlash kuchini qaror qabul qilishni mahalliy hamjamiyatlar qo‘liga topshirish orqali namoyish etadilar», dedi Shvetsiya poytaxtida Right Livelihood jamg‘armasi rahbari Ole fon Ikskyul.

«Dunyodagi zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va zulmga qarshi bu yilgi sovrindorlar adolatli, tinch va barqaror kelajak sari yo‘lni ko‘rsatmoqda. Ularning fidoyiligi barchamizni yanada jasoratli bo‘lishga undashi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 280 dan ortiq nomzod ilgari surildi

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti uchun 286 nafar nomzod ko‘rsatildi, deb xabar beradi Reuters. Ular orasida BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissari, Rim papasi Fransisk va britaniyalik naturalist Devit Attenboro ham bor.

Agentlik tomonidan ekspertlar orasida o‘tkazilgan so‘rovda, ular BMTning Falastin qochoqlari ishi bo‘yicha agentligi, BMT Xalqaro sudi va tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishni ham ro‘yxatga kiritgan. Shu bilan birga, ekspertlar BMTning Falastin qochoqlari ishi bo‘yicha agentlikka mukofotning berilishini bahsli deb atagan — ayniqsa, agentlik xodimlarining 2023 yil 7 oktyabrda Hamas tomonidan Isroilga uyushtirgan hujumiga aloqadorligi haqida xabarlar tarqalgan hozirgi vaziyatda.

O‘z navbatida koloniyada vafot etgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy nomzodlari ham yetakchilik qilmoqda. Reutersʼning yozishicha, Navalniyga mukofotni topshirishning iloji yo‘q, chunki u marhumlarga berilmaydi. Zelenskiy bo‘lsa, jang qilayotgan davlat rahbari bo‘lgani uchun nomzodlikdan chiqib ketishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: