Livan: Isroil hujumlari oqibatida bir sutka ichida 46 kishi halok bo‘ldi

Jahon 09:56 / 04.10.2024 2554

Isroilning Bayrut markaziga bergan navbatdagi zarbasi natijasida olti kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Livan sog‘liqni saqlash vazirligi 3 oktyabr, payshanbaga o‘tar kechasi. The Times of Israel internet-nashrining aniqlik kiritishicha, Isroil havo hujumidan so‘ng BMT shtab-kvartirasi, shuningdek, bosh vazirning idorasi va parlament binosi yaqinida joylashgan Boshura hududidagi ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgan.

«Hizbulloh»ning Al-Manar telekanali hujum guruhning tibbiy bo‘limi markazini nishonga olganini da’vo qilmoqda». Avvalroq AFP o‘z muxbirlari Bayrutda kuchli portlash ovozini eshitgani haqida xabar bergan edi. 3 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Telegramʼda Bayrutga «maqsadli zarba» berganini ma’lum qildi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Ushbu hujum qurbonlari orasida qancha jangchi borligi ochiqlanmagan.

Avvalroq, 2 oktyabr oqshomida Livan sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida Isroil hujumlari oqibatida mamlakat bo‘ylab 46 kishi halok bo‘lgani va yana 85 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Isroil armiyasi Livan janubida shiddatli janglar olib bormoqda

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL ) 2 oktyabr kuni Livan janubida «og‘ir janglar» boshlanganini e’lon qildi va mintaqa aholisini Litani daryosi janubidagi hududlarga bormaslikka chaqirdi. Bundan biroz avval «Hizbulloh» harakati Livandagi Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan beri mamlakat janubidagi Odais qishlog‘i yaqinida isroillik harbiylar bilan birinchi to‘qnashuv haqida xabar bergan edi. 

«Hizbulloh» da’vo qilishicha, harakat jangchilari isroilliklarga talafotlar yetkazgan va ularni chekinishga majbur qilgan. Bundan tashqari, ular Isroil shimolidagi Misgav-Am hududida isroillik qo‘shinlarining katta konsentratsiyasiga raketa va artilleriyadan zarba berilganini va yana uchta joyda TsAHAL pozitsiyalariga raketa zarbalari berilganini e’lon qildi.

Isroil qo‘mondonligiga ko‘ra, chorshanba kuni ertalab Livandan Isroilga 50 ta raketa uchirilgan. Aksariyat aholisi evakuatsiya qilingan Metula qishlog‘ida 10 ta uy zarar ko‘rgan.

Ko‘proq yangiliklar: