AQShda «Helen» to‘foni qurbonlari soni 200 dan oshdi. Prezident va nomzodlar jabrlangan hududlarga bormoqda

Jahon 18:10 / 04.10.2024 4703

«Helen» to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 kishidan oshdi. Qutqaruvchilar sentabr oyi oxirida AQSh janubi-sharqiga yopirilgan tabiiy ofatdan omon qolganlarni qidirishda davom etmoqda.

Qurbonlarning yarmidan ko‘pi Shimoliy Karolinada yashagan, bu shtatda butun tumanlar 2005 yil avgustida ro‘y bergan va 1800 dan ortiq kishini hayotdan olib ketgan «Katrina» to‘fonidan keyingi eng vayronkor tabiiy ofat tufayli yakson bo‘lgan.

Yuzlab kishilar hamon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 750 mingdan ortiq uy elektrsiz qolgan, ko‘plab yo‘llar yopilgan, bu esa jabrlangan hududlarga yordam yuborishga xalal bermoqda.

So‘nggi kunlarda jabrlangan hududlarga safar qilayotgan AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni Florida va Jorjiya shtatlarida bo‘lgan.

«Men sizni ko‘ryapman, sizni eshityapman, siz bilan birga qayg‘u chekyapman va men sizni qo‘llab-quvvatlashimizga va’da beraman», — degan u Jorjiyadagi Rey-Siti aholisiga.

Avvalroq prezident Florida, Jorjiya, Shimoliy va Janubiy Karolina, shuningdek Virjiniyada jabrlangan hududlar uchun moliyaviy yordam ajratishni ma’qullagandi.

Hafta boshida Jorjiyaning jabrlangan hududlariga sobiq prezident, noyabrdagi saylovlarda respublikachilar partiyasidan nomzodini ko‘rsatgan Donald Tramp tashrif buyurgandi, chorshanba kuni vitse-prezident, demokratlarning saylovdagi nomzodi Kamala Harris ham mazkur shtatda bo‘ldi.

Yaqin kunlarda Meksika ko‘rfazi sohillarida va Floridada kuchli yog‘inlar yog‘ishi kutilmoqda, bu esa taxminan 100 mlrd dollarga baholanayotgan tiklash ishlarini qiyinlashtirishi mumkin.

AQSh ichki xavfsizlik vazirligi rahbari Alexandro Mayorkas avvalroq, agar yaqin oylar ichida AQShga yana bir to‘fon yopirilgudek bo‘lsa, federal hukumat yordam ko‘rsatishda qiyinchiliklarga uchrashi mumkinligini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati mintaqaga 8,8 mln porsiya yegulik, 7,4 mln litr suv, 150 ta generator hamda 225 mingta palatka yuborgan.

Atlantika okeanida to‘fonlar mavsumi noyabr oyi oxiriga qadar davom etadi, ayni vaqtda yana ikkita to‘fon harakatlanmoqda.

Olimlar tabiiy ofatlar ko‘paygani va shiddatli tus olayotganini sayyoradagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘laydi.

Ko‘proq yangiliklar: