Yangiyo‘lda 4 yoshli qizchani zo‘rlashda gumonlanayotgan shaxs ushlandi

Jamiyat 16:03 / 03.10.2024 23237

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 41 yoshli shaxs yosh qizchani zo‘rlagani, mahalliy aholi uni ushlaganida yonidan giyohvandlik moddasi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2 oktyabr kuni Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs 2020 yilda tug‘ilgan I.M.ga nisbatan g‘ayritabiiy usulda zo‘rlik ishlatgani haqida ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi shaxs 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro B.D. ekani aniqlangan.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida gumonlanuvchi B.D.ning yonida 15 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, uning Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilgan.

Natijada xonadon oshxonasidan 20 dan ortiq yelim idishlarda, maydalangan va quruq holdagi marixuana giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 25/273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro B.D. protsessual tartibda ushlangan.

Ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.

Aniqlanishicha, ayblanuvchi shaxs B.D. 2021 yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro‘yxatda turadi.

Ko‘proq yangiliklar: