Namangan viloyati Kosonsoy tumanida haydovchi 9 o‘rinli transport vositasiga 30 nafardan oshiq bolani mindirib harakatlangan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Kosonsoy tumanida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX xodimi harakatlanib ketayotgan Hyundai Starex rusumli transport vositasini to‘xtatganda unda bog‘cha bolalari borligi aniqlangan.
Bolalar avtomobildan tushirilib, sanab ko‘rilganda ularning soni 30 nafardan ham oshiqligi ma’lum bo‘ladi. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda unda tegishli hujjatlar yo‘qligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, haydovchiga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.