Janubiy Koreya prezidenti rafiqasidan poraxo‘rlik ayblovi olib tashlandi

Jahon 22:32 / 03.10.2024 10375

Seul markaziy okrugi prokuraturasi tekshiruvdan so‘ng Janubiy Koreya prezidentining rafiqasi Kim Kon Xiga nisbatan poraxo‘rlikka qarshi qonunni buzganlik ayblovini bekor qildi. Ayblov Kim Kon Xining sovg‘alar, jumladan, 2,2 ming dollarlik Dior sumkasi olgani bilan bog‘liq janjaldan keyin e’lon qilingan edi. Bu haqda The Korea Times xabar berdi.

Mojaro o‘tgan yil oxirida boshlandi. Millati koreys bo‘lgan amerikalik pastor Choy Chjye prezident rafiqasining halolligini sinab ko‘rishga qaror qildi. U sumka xarid qilish, chek olish va sovg‘ani taqdim etish jarayonini videotasvirga tushirdi. Birinchi xonim hayron bo‘lib, bunday qimmat narsalarni berishning hojati yo‘qligini aytdi, lekin sumkani olishdan bosh tortmadi. Video prezident Yun Seok-Yol uchun katta zarba bo‘ldi, uning norozilik reytingi 58 foizdan 63 foizga ko‘tarildi. Oqibatda aprel oyida uning «Xalq kuchi» partiyasi parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi.

Seul markaziy okrugi prokuraturasi 10 oylik tergovdan so‘ng, ayblovlarni olib tashladi va pastordan sovg‘a olish Kim xonimning rasmiy vazifalariga aloqador emasligini va pastor sovg‘a evaziga hech narsa undirib olmaganini qayd qildi. Prokuraturaning ta’kidlashicha, poraxo‘rlikka qarshi qonunda davlat amaldorlarining turmush o‘rtog‘ini jazolashni nazarda tutuvchi bandlar mavjud emas.

Ayni paytda, Kim Kon Xiga nisbatan boshqa ish tergov qilinmoqda: aksiyalar narxini manipulyatsiya qilishda ishtirok etishi va aprel oyidagi saylovda nomzod ko‘rsatish jarayoniga aralashgani bo‘yicha. Tergov ishlari prokuratura va korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi tomonidan olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: