“Telegram foydalanuvchilari akkauntlari bo‘yicha hukumatdan so‘rov kelganini bila oladi” - Pavel Durov

Jahon 17:51 / 02.10.2024 5162

Telegram asoschisi Pavel Durov 2018 yildan beri messenjer ko‘pchilik mamlakatlardagi maxfiylik siyosatiga ko‘ra, jinoyatchilarning IP manzillari/telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qila olishini ma’lum qildi.

Bizga tegishli aloqa liniyalari orqali to‘g‘ri shakllangan yuridik so‘rov kelib tushganda, biz uni tekshirib, xavfli jinoyatchilarning IP manzillarini/telefon raqamlarini oshkor qilamiz. Bu jarayon o‘tgan haftadan ancha oldin amalga oshirilgan edi”, — deb yozgan Durov o‘zining kanalida.

Ma’lum qilinishicha, messenjerdagi https://t.me/transparency boti aynan ushbu foydalanuvchining ma’lumotlari uchun qayta ishlangan (hukumat) so‘rovlar sonini ko‘rsatadi.

Masalan, Braziliyada biz 2024 yilning 1-choragida (yanvar-mart) 75 ta, 2-chorakda 63 ta va 3-chorakda 65 ta yuridik so‘rovlar bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qildik. Eng yirik bozorimiz bo‘lgan Hindistonda biz 1-chorakda 2461 ta, 2-chorakda 2151 ta va 3-chorakda 2380 ta yuridik so‘rovni qondirdik”, — degan Pavel.

Shuningdek, Yevropada ham 3-chorakda qabul qilingan qonuniy so‘rovlar soni ko‘payishi kuzatilgan.

Bu o‘sishga ko‘proq Yevroittifoq ma’murlari o‘z so‘rovlari uchun EI DCA qonunida belgilangan to‘g‘ri aloqa liniyasidan foydalana boshlagani sabab bo‘ldi. 2024 yil boshidan buyon Telegram veb-saytini ko‘rgan yoki Googleʼda “Huquqni muhofaza qilish organlari uchun Telegram Yevropa Ittifoqi manzili”ni qidirgan har bir kishi ushbu aloqa nuqtasi haqidagi ma’lumotlarga ochiq bo‘ladi”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Durov chalkashlikni kamaytirish uchun messenjer o‘tgan haftada turli mamlakatlarda maxfiylik siyosatini soddalashtirgani va birlashtirganini ma’lum qildi.

Ammo bizning asosiy tamoyillarimiz o‘zgarmadi. Biz har doim ular erkinlik va shaxsiy hayot qadriyatlarimizga zid bo‘lmasa, tegishli mahalliy qonunlarga rioya qilishga intilamiz. Telegram faollar va oddiy odamlarni korrupsiyalashgan hukumatlar va korporatsiyalardan himoya qilish uchun yaratilgan. Biz jinoyatchilar platformamizni suiiste’mol qilishlariga yoki adolatli sudlovdan qochishlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, — deyiladi Durovning 2 oktyabr kuni e’lon qilgan postida.

Pavel Durov avgust oyining oxirida Parij aeroportida qo‘lga olingandi. U uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq jinoyatlarda, jumladan, giyohvand moddalar va bolalar pornografiyasini tarqatishda ishtirok etganlik hamda vakolatli organlarga ma’lumot berishdan bosh tortganlikda ayblangan edi. Hibsga olinganidan keyin bir necha kun o‘tgach, Durov garov evaziga qo‘yib yuborildi.

Keyinroq Pavel Durov messenjer foydalanish shartlari va maxfiylik siyosati o‘zgarganini, ushbu siyosatni buzganlarning telefon raqamlari va IP-manzillari qonuniy talablarga javoban tegishli organlarga oshkor etilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, xalqaro nashrlar messenjer nafaqat Fransiya, balki boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilib, ularning huquq-tartibot idoralari so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni taqdim qila boshlaganini yozdi.

Ko‘proq yangiliklar: