Davlat Dumasiga migratsiyaga oid beshta qonun loyihasi kiritildi, ular qatorida noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jazoni kuchaytirish haqidagisi ham bor. Shuningdek, deputatlar yana ikkita tashabbusni ma’qulladilar. Aynan nimani o‘zgartirish taklif qilinmoqda?
Rossiya Davlat Dumasining yaqinda boshlangan kuzgi sessiyasi, ehtimol, migrantlarga qarshi kurash shiori ostida o‘tadi. Bu haqda BBC yozdi.
2 oktyabr kuni Rossiya parlamenti quyi palatasiga migratsiya siyosatiga oid beshta qonun loyihasidan iborat paket kiritildi. Hukumat va Oliy sud loyihalar bo‘yicha ijobiy fikr bildirdi, hech qanday e’tiroz bo‘lmadi.
Qonun loyihalaridan biri Rossiya Jinoyat Kodeksining 63-moddasi qoidalarini kengaytiradi, unda har qanday huquqbuzarlik uchun jazoni og‘irlashtiradigan holatlar ko‘rsatilgan. Deputatlar ulardan birini «Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lgan shaxs tomonidan jinoyat sodir etish» deb hisoblashni taklif qilmoqda.
Ushbu tuzatishlar qabul qilingandan so‘ng, sud noqonuniy migrantga to‘liq jazo tayinlashi mumkin bo‘ladi, shu jumladan, yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa ham. Sud hatto birinchi marta sodir etilgan yengil jinoyatlar uchun ham haqiqiy qamoq jazosini tayinlashi mumkin.
Boshqa qonun loyihasi noqonuniy migratsiyani tashkil etishni (agar uyushgan guruh tomonidan yoki «og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etish maqsadida» sodir etilgan bo‘lsa) o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazadi.
Deputatlar jazoning pastki chegarasini kiritish orqali ushbu moddaning dastlabki ikki qismini keskinlashtirmoqchi. Qonun loyihasida noqonuniy migratsiyani tashkil qilganlik uchun endi kamida ikki yillik qamoq jazosi belgilanishi taklif etilmoqda. Xuddi shunday qilmishlar «boshqa jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishiga ko‘maklashish maqsadida» yoki internetdan foydalangan holda sodir etilsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Deputatlar, shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirish uchun jazoni kuchaytirmoqchi, agar ular yordamida, masalan, Rossiyaga kirish yoki migratsiya «propiskasi» qoidalari buzilgan bo‘lsa. Bunday ma’muriy huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan yuridik shaxslarga 5 milliondan 10 million rublgacha jarima solinadi, agar qonunbuzarlik takroran sodir etilsa, jarima 10-60 million rubl miqdorida bo‘ladi.
Bundan tashqari, «Roskomnadzor»ga «migratsiya sohasidagi noqonuniy xizmatlar», shuningdek, uni tashkil etish usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega saytlarni suddan tashqari blokirovka qilish vakolatini berish taklif etilgan. Deputatlarning ta’kidlashicha, Internetda soxta ruxsatnomalarni sotish yoki tezkor tarzda qonuniy maqomga ega bo‘lish takliflarini topish mumkin.
Ta’kidlanishicha, 450 deputatdan 350 nafardan ortig‘i, jumladan, Palata spikeri Vyacheslav Volodin har bir qonun loyihasiga o‘z imzosini qo‘ygan.
Qayd qilinishicha, Volodin yaqin vaqtgacha migratsiya siyosatiga qiziqmasdi. Biroq shu yilning yozida u milliondan ortiq obunachiga ega Telegram kanalida shu mavzuda so‘rovnomalar o‘tkaza boshladi va qonunchilik tashabbuslari haqida gapirdi.
Bundan oldin Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Davlat Dumasining migratsiya siyosati sohasidagi ishini keskin tanqid qilgan edi.
Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida Tergov qo‘mitasi rahbari migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirib, migratsiya siyosatini kuchaytirishga chaqirdi. «Bizning Davlat «Dura» (so‘z o‘yini, Duma – Dura (ahmoq) qachon yaxshi qonunlarni qabul qilishini bilishni juda xohlardim», dedi Bastrikin.
Vyacheslav Volodin bu so‘zlardan xafa bo‘ldi va Tergov qo‘mitasi rahbariga e’tiroz bildirdi. Biroq, shundan keyin Davlat Dumasi migratsiya qonunchiligini faol ravishda «tartibga solishni» boshladi. Sentyabr o‘rtalarida Volodin palatada migratsiya mavzusiga oid 34 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.
BBC rus xizmati avvalroq yozganidek, joriy yilning mart oyida «Krokus»ga qilingan hujum migrantlarga qarshi qaratilgan qonunchilik tashabbuslarining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Xususan, mart oyining oxiridan boshlab deputatlar sudlangan shaxslarning Rossiyaga kirishini, ishlayotgan xorijliklarning qarindoshlari kirishini taqiqlashni, migrantlarning avtobus va taksilarni boshqarishini, umuman jamoat transportida ishlashini, shuningdek, maktablarda va umuman ta’lim tizimida taqiqlashni taklif qildi. Davlat Dumasi allaqachon ushbu tashabbuslardan ba’zilarini qo‘llab-quvvatlagan.
1 oktyabr kuni Davlat Dumasi migratsiya siyosatiga oid yana ikkita qonun loyihasiga ovoz berdi.
Birinchisi, endi chet el fuqarolari soddalashtirilgan sxema bo‘yicha vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani faqat Rossiya fuqarosi bilan uch yillik nikohdan keyin olishi mumkin bo‘ladi (avval 2 yil edi).
Deputat Yelena Drapeko ushbu tuzatishlarga izoh berar ekan, «bog‘idagi bog‘bon» haqida gapirdi. Deputat so‘zlariga ko‘ra, u Tojikistonda uch farzandi bor bo‘lsa-da, Rossiyada ham uylanmoqchi ekanini aytgan. Qonun esa «qo‘shnikohlikka» yo‘l ochmoqda.
Ikkinchi qonun loyihasi hozircha faqat birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lib, u noqonuniy migratsiyani tashkil etish oqibatida olingan pul va mol-mulkni musodara qilishga imkon beradi.
Vyacheslav Volodin Davlat Dumasiga kiritilgan qonun loyihalari paketini sharhlar ekan, «Rossiyada ishlashni xohlovchilar rus tilini, tarixini bilishi, urf-odatlari va madaniyatini hurmat qilishi shart», dedi. «Qonunni buzganlar uchun jazo qattiq va muqarrar bo‘lishi kerak — migrantning o‘zi uchun ham, uni jinoiy sxemalar yordamida qonuniylashtirganlar uchun ham», deb qo‘shimcha qildi spiker.
Shu bilan birga, joriy yil iyul oyida Ichki ishlar vazirligi rahbari Vladimir Kolokolsev huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha hukumat komissiyasining yig‘ilishida «xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining kamayishi tendensiyasi to‘g‘risida» ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda ular tomonidan sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni qariyb 8 foizga kamaydi.
«Vajnyye istorii» nashrining 2021 yilda keltirgan statistikasiga ko‘ra, 2017 yildan 2020 yilgacha Rossiyada MDH davlatlaridan kelgan migrantlar orasida rossiyaliklarga qaraganda ikki baravar kam jinoyatchilar bo‘lgan. Nashrning ta’kidlashicha, migrantning qiyofasi davlat yoki davlatga yaqin ommaviy axborot vositalari tomonidan ataylab obro‘sizlantirilmoqda.
Karnegi Berlin markazidagi Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Temur Umarov ham hozirgi vaqtda migrantlarga qarshi ritorikaning kuchayishini Tojikistondan kelgan migrantlar tomonidan sodir etilgan «Krokus»dagi terakt bilan bog‘lab bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar ishtirokidagi avvalgi teraktlar bunday darajadagi migrantofobiya kampaniyasiga olib kelmagan, deb yozdi ekspert Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi saytida.
Uning fikricha, Ukrainaga bostirib kirish «Rossiyada shafqatsizlik va tajovuzkorlikning ancha yuqori darajasini normallashtirdi». «Agar siz yangi migratsiya siyosatiga Rossiya hukumatining turli institutlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik nuqtai nazaridan razm solsangiz, yangiliklardan asosiy foyda oluvchi Ichki ishlar vazirligi bo‘lib chiqadi», deb yozdi ekspert. «Agar Ukrainadagi urush fonida Rossiya byurokratiyasining kuchishlatar bloki mustahkamlanmaganida, migratsiya siyosatini keskinlashtirishga bunday og‘ish imkonsiz edi».