Namangan viloyatida joylashgan Axsikent qo‘rg‘onidan noyob qurilmalar topilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, arxeologlar transheya qazish jarayonida kengligi 2,3 metrlik zinapoyaga, so‘ng yer tubi tomon 4 metr qazilganda sirli yo‘lakning bus-butun arkalariga duch kelgan.
Bu yerdan 10 ming kubometr tuproq chiqarilgach, yo‘lakning 12 pog‘onasi ochilgan. Aynan shu nuqtadan 7 metr sharqda qadimshunoslar yana ikkita noyob yerosti yo‘llariga duch kelgan. Taxminlarga ko‘ra, har ikki arkasimon yo‘lak, dastlabki topilgan katta yo‘lga bog‘lanadi.
Topilgan barcha yo‘laklar butun, arkasimon holda, metro uslubida nafislik bilan pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan.
Hozirda italyancha deya ta’riflangan rakovina, yerosti, pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari bilan butun holatda topilgan qo‘l yuvish vositalari ham aynan shu obektdan 2024 yilgi qazuvlar jarayonida topilgan.
- Bu obektning ustini oktyabr oyida uzil-kesil yopishimiz kerak. Agar quruvchilar bunga ulgurmasa, yana tuproq tashlab konservatsiya qilishimizga to‘g‘ri keladi. Obekt o‘ta noyob, - deydi Axsikent ekspeditsiyasi rahbari, professor Abdulhamid Anorboyev.
Ta’kidlanishicha, hozirda Axsikent qo‘rg‘onida muzeylashtirilayotgan qismlar quyidagilardan iborat:
1. XVIII qazuv obekti – 10-12-asrlarda faoliyat yuritgan yerosti suv inshootining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning 13-asr boshlariga oid Xorazmshohlar davrida qurilgan mudofaa devori va turar joy qoldiqlari
2. XI qazuv obekti – 11-12-asrlarga oid pishiq g‘ishtdan qurilgan gumbazli tagxona va mahobatli turar joy qoldiqlari, Farg‘ona vodiysida ilk bor topilgan Qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari hamda yuqorida qayd etilgan yerosti inshootlari va nodir qurilmalar mavjud
3. XIX qazuv obekti – shaharning eramizdan avvalgi 3-1-asrlarida qurilgan mahobatli mudofaa devorlari va yerosti suv yo‘li
4. XXIV qazuv obekti – 11-12-asrlarga oid mahobatli turar joy qoldiqlari aniqlangan.
Qayd etilishicha, tez orada 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan yodgorlik va undagi so‘nggi topilmalar haqida National Geographic hujjatli film suratga oladi.