Eronning Isroilga raketa zarbasi, Rossiyaning urush uchun xarajatlari va NATOning ishga kirishgan yangi rahbari - kun dayjesti

Jahon 13:31 / 02.10.2024 9311

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Eronning Isroilga zarbasi

Nihoyat, Eron Rossiyaga bergan raketalarining ortgan qismini to‘plab, Isroilga zarba berishga jazm eta oldi. Isroilga ballistik raketalar bilan zarba berish qarori Eronning Oliy bosh rahnamosi Ali Xominaiy tomonidan chiqarilgani aytilmoqda.

Eron o‘z zarbalarini “Hizbulloh”ning yetakchisi Hasan Nasrulloh, HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya va Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining «Quds» kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, eronlik general-mayor Abbos Nilfurushonning o‘limiga nisbatan qasos zarbasi sifatida taqdim etdi.

Turli manbalarning ma’lum qilishicha, Eron hujumda 250 dan 500 tagacha bo‘lgan raketalarni uchirgan. Raketalarning katta qismi Isroilning “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimini yengib o‘tib, Isroilning turli shaharlari, hattoki poytaxt Tel-Avivgacha borib urilgan.

Isroil OAVlari 400 dan ortiq gipertovushli ballistik raketalar Erondan Isroilga 10 daqiqada yetib kelganini yozishdi.

Eronning Fars axborot agentligi o‘z manbalariga asoslanib, Eron tomonidan uchirilgan raketalarning kamida 80 foizi Isroildagi nishonlarga yetib borganini xabar qilmoqda.

Raketalardan biri G‘azo sektoridagi TsAHAL tanklari brigadasini nishonga olgani ham ma’lum qilinmoqda.

Ayrim manbalar Negev harbiy aerodromida F-35 qiruvchi samolyotlaridan 15 tasi yo‘q qilingani, Isroilning O‘rta yer dengizidagi gaz burg‘ilash minoralariga ham zarar yetkazilganini ma’lum qilmoqda.

Isroil tomoni raketa hujumlaridan so‘ng faqat bir kishi vafot etganini malum qildi.

Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi agar Isroil Eronning bugungi raketa zarbalariga javob qaytarsa, «qaqshatkich hujumlar»ga duchor bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Isroil armiyasi Eron tomonidan hujumning ikkinchi to‘lqini kutilmayotganini aytib, aholi bombapanalarni tark etishi mumkinligini e’lon qildi.

Isroil armiyasi Eronning ushbu hujumi «oqibatlar keltirib chiqarishi»ni aytib, isroillik harbiylarning javob rejasi borligini bildirgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron ushbu hujum bilan katta xatoga yo‘l qo‘yganini aytib o‘tdi:

«Eron bugun kechqurun katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Hali buning uchun javob beradi. Yahudiylar davlati o‘z prinsipiga sodiq: Isroilga hujum qilgan har qanday kuch albatta javobini oladi», — degan Netanyahu.

Tel-Avivdagi terakt

Eronning Isroil bo‘ylab yopirilma raketa zarbasidan biroz avval Tel-Avivda otishma ro‘y berdi.

Yaffa mavzusida noma’lum shaxslar tramvay bekati yaqinida odamlarga qarata o‘t ochgan. Mahalliy nashrlarning xabar qilishicha, kamida 8 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan.

Isroil tibbiy tez yordam xizmati «Magen David Adom»ning ma’lum qilishicha, «ko‘plab» insonlar yaralangan, hushidan ketganlar ham bor. Kamida 7 kishining ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilinmoqda.

Odamlarga qarata o‘t ochgan va terrorchi ekani gumon qilinayotgan har ikki shaxs Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilingan.

AQShdan Isroilga yordam

AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylarga Isroilga yordam berishni buyurdi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden hamda vitse-prezident Kamala Harris Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik oshib borayotganini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

AQSh prezidenti Eronning Isroilga uyushtirgan raketa hujumlarini Oq uydagi vaziyatni kuzatish xonasida diqqat bilan kuzatgan. U amerikalik harbiylarga «Isroil Eron hujumlaridan himoyalanishi uchun yordam berishni» buyurgan.

Bayden va Harris Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoa bilan uchrashuv o‘tkazgan.

«Prezident Bayden amerikalik harbiylarga Eronning Isroilga hujumidan himoyalanishga yordam berish va mamlakatga qaratilgan raketalarni urib tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi», — deyiladi bayonotda.

Urush uchun rekord mablag‘

Rossiya budjeti xarajatlarining jami 41 foizi mudofaa va xavfsizlikni ta’minlashga sarflanadi, kelasi yilda bu mablag‘ 41,5 trillion rublni tashkil qilishi kutilmoqda.

2025 yilda Rossiyaning «Milliy mudofaa» bandi bo‘yicha budjet xarajatlari 13,5 trillion rublni tashkil etishi kutilmoqda, bu Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsulotining 6,31 foiziga teng, deb yozadi The Bell 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan federal budjet loyihasi tushuntirish xatiga tayanib.

Rossiya hukumati tomonidan tayyorlangan ushbu qonun loyihasi 30 sentabr, dushanba kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasiga kiritilgan.

The Bell hisob-kitoblariga ko‘ra, jami 2025 yilda mudofaa va xavfsizlik Rossiya budjeti xarajatlarining 41 foizini tashkil qiladi, u esa 41,5 trillion rublga teng.

Shu bilan birga, yangi budjet loyihasida 2026-2027 yillarda Rossiya harbiy xarajatlari kamayishni boshlashi nazarda tutilgan. Shunday qilib, 2026 yilda mudofaa xarajatlari 12,8 trillion rublni, 2027 yilda esa 13,1 trillion rublni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Avvalroq Bloomberg manbalarga tayanib, kelasi yili Rossiya mudofaa xarajatlarini chorakdan ko‘proq — 13,2 trillion rublgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. 2024 yilda Rossiya Federatsiyasining harbiy xarajatlari 10,7 trillion rubldan oshdi, bu birinchi marta pensiya va nafaqalarni to‘lashni o‘z ichiga olgan «Ijtimoiy siyosat» bandi bo‘yicha xarajatlardan oshib ketdi.

NATOning yangi rahbari

Niderlandiyaning sobiq bosh vaziri NATO yangi bosh kotibi sifatida ish boshladi. Mark Ryutte bu lavozimda rekord darajadagi 10 yil ishlagan norvegiyalik Yyens Stoltenberg o‘rnini egalladi.

1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimda NATO harbiy alyansi rahbari lavozimiga kirishgan Mark Ryutte Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni ustuvor vazifa qilib qo‘yishga va’da berdi, deb xabar bermoqda Euronews.

Ryutte alyans Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi va uni NATO a’zoligiga yanada yaqinlashtirishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa, mudofaa shartnomasiga a’zo davlatlar rahbarlari Kiyevning a’zolik yo‘lini ortga qaytarib bo‘lmasligini aytishdi.

Ryuttening aytishicha, ittifoq endi har qachongidan ham katta, kuchli va birlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO bosh kotibi sifatidagi ustuvor vazifalari, shuningdek, NATO mudofaasini mustahkamlash va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘ladi.

Mark Ryutte 2010 yil oktyabridan beri Niderlandiya bosh vaziri lavozimida ishlab kelgan, u Rossiyani tanqid qilgan va Rossiya Federatsiyasi bilan urushda Ukrainani doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlagan.

Yaponiyaga yangi rahbar saylandi

Shigeru Ishiba Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘ldi. Mamlakat tarixidagi 102-bosh vazirni parlamentning har ikkala palatasi tasdiqladi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 67 yoshli Ishiba nomzodi deputatlarning yarmidan ko‘pi – 465 nafardan 291 nafari tomonidan yoqlandi. Hukmron koalitsiya parlamentning har ikkala palatasida ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

1 oktyabr kuni sobiq bosh vazir Fumio Kishida boshchiligidagi Yaponiya hukumati to‘liq iste’foga chiqdi.

Yaponiya imperatori Naruhito ham yangi bosh vazir Ishiba tomonidan taklif etilgan mamlakat hukumatining yangi tarkibini tasdiqladi. Tasdiqlash marosimi Tokiodagi Imperator saroyida bo‘lib o‘tdi.

Hukumatning yangi tarkibi avvalroq Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yoshima Hayashi tomonidan e’lon qilingan edi, u o‘z lavozimini saqlab qoldi. Sobiq mudofaa vaziri Takeshi Ivaya Yaponiya tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qiladi.

Yaponiya parlamenti quyi palatasi 9 oktyabrda tarqatib yuborilishi, 27 oktyabrda esa navbatdan tashqari umumiy saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

67 yoshli Shigeru Ishiba eng tajribali siyosatchilardan biri. U avval mudofaa; qishloq xo‘jaligi; va aholi soni kamayishiga qarshi kurashish va mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish vaziri lavozimlarida ishlagan.

Meksikada ayol prezident

Klaudiya Sheynbaum Meksika prezidenti lavozimiga kirishdi. Yangi prezidentning tantanali inauguratsiya marosimi respublika Kongressining yig‘ilishlari o‘tkaziladigan Mexikodagi San-Lasaro saroyida bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’kidlanishicha, Sheynbum prezidentlikdan ketayotgan Andres Manuel Lopes Obrador guvohligida qasamyod keltirib bo‘lgach, Deputatlar palatasi prezidiumi raisi Ifigeniya Martines Ernandes unga prezident hokimiyatining ramzlaridan biri — Meksika bayrog‘i rangidagi prezidentlik tasmasini topshirgan.

Klaudiya Sheynbaum 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida hukmron Morena partiyasidan nomzod sifatida g‘alaba qozongan edi. Andres Manuel Lopes Obrador ta’kidlaganidek, u nafaqat respublikaning 200 yillik tarixida ilk ayol prezident, eng ko‘p ovoz to‘plagan prezident ham bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: