«Gurjiston orzusi» - Tsxinvali va Suxumidan qo‘shinlarni olib chiqish tarafdori

Jahon 14:17 / 01.10.2024 4227

Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan bildirilgan Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan yarashuv g‘oyasini ijobiy baholadi va ayni vaqtda Gurjistonning bu isyonkor hududlaridan rus qo‘shinlarini olib chiqishga chaqirdi. «Rossiyaning yarashuvni olqishlashi va bunga hissa qo‘shishi shubhasiz ijobiy, ammo men bu bayonotlardan so‘ng samarali qadamlar qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi, dedim», — dedi «Gurjiston orzusi» bosh kotibi, Tbilisi meri Kaxa Kaladze 29 sentabr, yakshanba kuni.

«Gurjiston orzusi» rahbari RF qo‘shinlarini olib chiqish rejasini ishlab chiqishga chaqirdi

Uning ta’kidlashicha, Gurjistonning «bosib olingan hududlari ma’lum bir qismida» bugungi kunda Rossiya bazalari joylashgan. Shuning uchun, «bu bayonotlar bilan bir qatorda, ushbu armiya bo‘linmalarini Gurjiston hududidan olib chiqib ketish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqishni boshlash yaxshi bo‘lar edi», — deya iqtibos keltiradi Mtavari nashri rossiyaparastlikda ayblangan hukmron partiya rahbarining so‘zlaridan. 

Siyosatchining ta’kidlashicha, hukumat bo‘lginchi hududlar bilan yarashish uchun hamma narsani qiladi. «Faqat tinchlik va o‘zaro kechirimlilik orqali biz hududiy yaxlitlikni tiklab, birga yashashimiz mumkin», dedi u.

Ayni paytda Gurjiston muxolifati Lavrovning so‘zlarini provokatsiya deb hisobladi. «Albatta, Lavrov o‘zining «Gurjiston orzusi» va Bidzina Ivanishvili bilan hamkorlikda ishlayotganini bayonoti bilan tasdiqlaydi, bu partiya uchun Lavrovning Gurjiston rasmiylari Rossiya tomonidan tan olingan mustaqil deb atalmish davlatlar bilan hamkorlik qilish istagini ma’qullashi juda uyat. Gurjiston hukumati uchun bundan ortiq sharmandalik bo‘lishi mumkin emas», — deydi muxolifatchi deputat Tamara Kordzaya.

Lavrov RF qo‘shinlarini Abxaziya va Janubiy Osetiyadan olib chiqib ketish imkoniyatini tan oldi

28 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasidagi ishtirokidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Lavrov Gurjiston bilan Abxaziya va Janubiy Osetiya bo‘yicha «kelishuv» imkoniyatini e’lon qildi. Agar tomonlar manfaatdor bo‘lsa, Moskva Gurjiston va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar o‘rtasida tinchlikka erishishda yordam berishga tayyor, dedi u.

Lavrov, shuningdek, Gurjistonda o‘nlab yillar davom etgan qarama-qarshilikni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvni mumkin deb atadi va Rossiya o‘z qo‘shinlarini Abxaziya va Janubiy Osetiyadan olib chiqib ketishga olib kelishi mumkin bo‘lgan murosaga ochiqligini ta’kidladi. Avvalroq, mamlakatdagi hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining kremlparast asoschisi Bidzina Ivanishvili Gurjiston hukumati 2008 yilda Janubiy Osetiya bilan urush uchun kechirim so‘rashga «o‘zida kuch topishiga» va’da bergan edi. Uning so‘zlari butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: