Bunaqada sohada kim qoladi? Yangibozor hokimi misolida dehqonlarga munosabat

O‘zbekiston 19:18 / 30.09.2024 19914

O‘zbekistonda ayrim hokimlarning dehqon-fermerlarga munosabati hamon 18-asrda AQShdagi plantatorlarning qora tanli qullarga munosabatini eslatmoqda. Bu – sohaning yangi bosqichga chiqishiga to‘siq bo‘lyapti. Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi misolida buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekistonning aksar qismi bu – qishloqlar. Aynan qishloqdagi yaxshi muhit, u yerdagi odamlarning yaxshi kayfiyati butun mamlakatdagi holatga ta’sir etadi. Qishloq esa qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq. Qishloq xo‘jaligida holat yaxshilanishi, dehqonlar o‘zini yaxshi his qilishi, o‘zini erkin dehqon o‘laroq his qilishi bu – qishloqlardagi holatning yaxshilanishiga olib keladi, bu esa butun mamlakatdagi holat yaxshilanishiga olib keladi, bunga shubha yo‘q.

Ko‘p yillardan beri dehqonlar – fermerlarning ishiga davlat idoralari aralashmasligini, sohada sog‘lom bozor munosabatlari yuzaga kelishini yoqlab kelyapmiz. Nega?

Chunki holat aynan shunday ko‘rinish olsa siz bilan biz o‘sha – orzumizdagi, obod, mamlakat budjetiga ko‘pdan-ko‘p foyda keltiradigan va eng asosiysi, qishloq ahlining hayotini ko‘rkam holatga keltiradigan qishloq xo‘jaligiga guvoh bo‘lamiz.

Kunora xunuk xabarlar tarqalib, ruhimizni xunob qilmaydigan, xalqning hisobidan maosh olib, xalqqa hisobdor ekanini unutib qo‘ygan joylardagi mansabdorning dehqonlarni tahqirlash video va audiosi tarqalib turmaydigan qishloq xo‘jaligiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladigan qishloqlarga guvoh bo‘lamiz. Ammo bunga erishishimiz qiyin bo‘lyapti.

Sabablar va yechimlar haqida hali alohida gaplashamiz, boshqa ko‘rsatuv doirasida. Bugun esa misol tariqasida faqat bir mansabdor, bir hokim haqida gaplashamiz. Bu – bir misol, xolos. Misollar esa ko‘p.

Xorazm viloyatidagi Yangibozor tumani hokimi Ruslan Jumaniyazov. Bir yil oldin tarqalgan audioda hokim fermerni o‘ta yomon so‘zlar bilan haqorat qiladi:

Qayering og‘ridi deyman? Kallang aylanib, qon quyuqlashib qolibdimi (haqorat so‘zlar)? Nega majlisga kelmaysan (haqorat so‘zlar)? Nega kelmaysan (haqorat so‘zlar)? Melisa yurishi kerakmi izingdan? Kimsan sen o‘zi (haqorat so‘zlar)? Kabinetimga birinchi kelgan kuning aytdim-ku (haqorat so‘zlar)? Izingdan odam qo‘yishim kerakmi (haqorat so‘zlar)?”

Biz sizlarga tiniqroq chiqqan va bizga yetib kelgan audioni eshittirdik. Tiniq chiqmaganlari va bizga yuborilmagani qancha.

Ammo bu hammasi emas.

Ruslan Jumaniyazov faqat tilini emas, mushtlari va oyoqlarini ham ishlatishi bilan mashhur ekan – fermerlarni do‘pposlash instrumenti sifatida. Do‘pposlaganda ham oz emas, ko‘p emas – mayib qilar ekan. Tunov kuni bizga aynan shunday holat haqida xabar keldi. Yoshi bir joyga borib qolgan fermer shifoxonaga tushdi. O‘sha yig‘ilishda Jumaniyazov boshqa fermerlarni ham do‘pposlagan. Do‘pposlashlar odatiy hol ekanini aytib berishdi bizga.

Endi savol – nima bu o‘zi? Buni qanday izohlaymiz? Fermer bu – 18-asrda AQShning paxta plantatsiyalarida ishlayotgan qora tanli qulmi? Qanday qilib hokim fermerga bu tarzda muomala qilishi mumkin bo‘ldi? Kim yoki nima unga bunday jur’atni berdi?

Savollar ko‘p, masalan, bunday hokimlarning mana shunday munosabati natijasida fermerlik faoliyatini tark etishni istaydiganlar ko‘payib ketayotgani xavotirli holat emasmi? Ozmi-ko‘pmi tajriba orttirgan dehqonlarning o‘rniga kim keladi? O‘zi shundog‘am 30 yil davomida favqulodda qiyin ahvolda qolgan sohadan minglab tajribali dehqonlar chiqib ketdi. Tokaygacha bu jarayon davom etadi?

Qishloq xo‘jaligi qanchalik sog‘lom ko‘rinish olsa, dehqonlar o‘zini erkin dehqondek his qilsa, qishloqlardagi muhit yaxshilanadi, bu esa butun mamlakatdagi holat yaxshilanishiga olib keladi, bunga shubha yo‘q. Ammo biz kuzatayotgan mana bu holatda vaziyatni o‘zgartirish qiyin.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: