Tailand hukumati iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun fuqarolarga 300 dollardan tarqatishni boshladi

Jahon 21:24 / 29.09.2024 2944

Tailand 14 milliard dollarlik iqtisodiy rag‘batlantirish dasturini ishga tushirdi, uning doirasida mamlakat fuqarolariga 10 ming batdan (300 dollar) mablag‘ tarqatiladi, deb xabar beradi Financial Times.

Birinchi bosqichda mablag‘lar aholining zaif qatlamiga, davlat ijtimoiy sug‘urta kartalari egalari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tarqatiladi. Bu taxminan 14,5 million kishi. Pullar fuqarolarning bank hisobraqamlariga o‘tkaziladi, avvaliga ularni raqamli hamyonlar orqali taqsimlash taklif etilgandi. Loyiha doirasida jami 36 million kishi ro‘yxatga olingan.

Oxirgi 10 yil ichida mamlakat YaIM yiliga taxminan 2 foizdan oshgan. 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 1,9 foizni tashkil etgan — bu Indoneziyaga nisbatan 2,5 barobarga kam demak. Tailand uy xo‘jaliklarining qarzi, zaif eksport va turizm daromadlarining pasayishi tufayli qo‘shnilaridan orqada qolmoqda. Hukumat prognozlariga ko‘ra, to‘lanadigan ushbu mablag‘lar mamlakatda YaIM o‘sishini joriy yilning o‘zidayoq 35 bazis bandga tezlashtiradi.

Sentyabr boshida lavozimga tayinlangan Tailand bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat mamlakat iqtisodiyotini qayta uyg‘otishga harakat qilmoqda. «Mazkur dasturdan keyin rag‘batlantiruvchi yana boshqa chora-tadbirlar ham bo‘ladi. Hukumat, shuningdek, raqamli hamyon loyihasini ham ilgari surishni boshlaydi», — deydi u.

Shu bilan birga, Tailand Markaziy banki fuqarolarga tarqatilayotgan pullar sxemasini tanqid qilib, uni yaxshi o‘ylanmagan reja deb atadi. Hukumatning o‘zi esa dasturni moliyalashtirish bo‘yicha manbalarni topishda qiyinchilikka uchramoqda.

O‘z navbatida, iqtisodchilarning ogohlantirishicha, pul taqsimoti cheklangan, bir martalik samaraga ega bo‘lib, tuzilmaviy muammolar va siyosiy beqarorlik yuki ostida qolgan iqtisodiyotning tiklanishiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Iqtisodiyot, shuningdek, eksportning kamligi va koronavirus pandemiyasidan keyin turizmning o‘sishi sekinlashganidan zarar ko‘rgan.

Ayrimlar hatto dastur to‘liq ko‘lamda amalga oshirilishiga shubha bildirmoqda. Agarda bu sodir bo‘lsa, Tailand YaIM o‘sishi 100 bazis bandga tezlashishi mumkin. «O‘sishning tezlashuvi uzoq davom etadimi? Bu mablag‘larni sarflashning eng yaxshi usulimi? Bu Tailand iqtisodiyoti duch kelayotgan biror-bir tuzilmaviy muammolarni yechishga aniq yordam beradimi? Ushbu xavflar hech qayerga yo‘qolmadi», — deydi OCBC banki katta iqtisodchisi Lavanya Venkatesvaran.

 

Ko‘proq yangiliklar: