Lukashenko NATO davlatlariga yadroviy zarba berishga tayyorligini ma’lum qildi

Jahon 00:13 / 28.09.2024 9964

Agar NATO davlatlari Belarusga hujum qilsa, Minsk Rossiya bilan kelishuv asosida mamlakatga joylashtirilgan yadroviy qurolni qo‘llaydi. Bu haqda respublika prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

«Ular bizga hujum qilishi bilan yadroviy qurolni qo‘llaymiz. Va Rossiya biz tomonda», — deydi Lukashenko. Uning ta’kidlashicha, RF prezidenti Vladimir Putin yadroviy doktrinaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha yaqindagi nutqida Belarus o‘z himoyasi uchun yadroviy quroldan foydalanishi mumkinligini tasdiqlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha va Amerika harbiylari allaqachon, Belarus chegarasiga kelib bo‘lgan, Polsha hukumati hujum uyushtirish uchun «qo‘lini ishqalab», kerakli vaqtni kutmoqda. Shu bilan birga, Lukashenko Minsk tomonidan yadroviy qurol qo‘llanishi natijasida Rossiya ham javob qaytarishidan ogohlantirdi.

«Rossiya o‘zining butun yadroviy arsenalini qo‘llaydi. Bu esa jahon urushi degani. G‘arb buni xohlamaydi. Ular bunga tayyor emas. Ammo biz ochiq gapiramiz: qizil chiziq — davlat chegarasi. Uni bosdingmi — shu on javob olasan», — deya ta’kidlaydi Belarus prezidenti.

SSSR tarqalgach, Belarus o‘z yadroviy qurollaridan voz kechgan va 1994 yilda Yadroviy qurolni tarqatmaslik bitimiga qo‘shilgan. Respublika hududidan yadroviy qurollar 1996 yilning noyabrida to‘liq olib chiqib ketilgan. 

Biroq 2023 yil martida Vladimir Putin Rossiya taktik yadroviy qurollarini Belarus hududiga joylashtirish rejasi haqida gapirgan edi — u Amerika shu kabi qurollarini Yevropa davlatlariga joylashtirganini misol qilib keltirgan. O‘sha yilning iyuni o‘rtalarida birinchi yadroviy zaryadlar respublikaga olib kelingan.

2024 yilning yoz fasli boshlariga kelib Belarus harbiylari strategik bo‘lmagan yadroviy qurolni qo‘llash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tdi. 25 sentabr kuni Putin Xavfsizlik kengashining tiyib turuvchi yadro kuchlari bo‘yicha yig‘ilishida Rossiya o‘z ittifoqchisi bo‘lgan Belarusga hujum uyushtirilganda ham yadroviy qurolni ishga solish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: