Isroil Livanda «Hizbulloh» yetakchilari yo‘q qilingani haqida xabar berdi

Jahon 10:38 / 28.09.2024 6240

28 sentabr, shanbaga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL ) Livan janubida «Hizbulloh» raketa bo‘linmasi qo‘mondoni Muhammad Ali Ismoil va uning o‘rinbosari Husayn Ahmad Ismoil yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Aytilishicha, ular bilan birga guruhning o‘sha bo‘linmasining yana bir qancha komandirlari yo‘q qilingan.

«Muhammad Ali Ismoil Isroil davlatiga qarshi ko‘plab terrorchilik xurujlari, jumladan, Isroil hududiga raketa hujumi uyushtirish va chorshanba kuni Isroil markaziga «yer-yer» sinfidagi raketa uchirilishi uchun javobgardir», — deyiladi TsAHALning Telegram-kanalida.

«Hizbulloh» yetakchisi o‘ldirildimi?

Avvalroq Isroil harbiylari Livan poytaxti Bayrut chekkasida joylashgan «Hizbulloh»ning markaziy qarorgohiga zarba berilgani haqida xabar qilgan edi. TsAHAL matbuot kotibi Daniel Hagariyning aytishicha, «Hizbulloh» qarorgohi Dahiya hududidagi «uy-joylar ostida ataylab qurilgan».

Bir qator Isroil OAV havo hujumi natijasida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘ldirilgani ehtimoli yuqori ekanligini xabar qilmoqda. Xususan, The Times of Israel gazetasi isroillik amaldorning so‘zlarini keltiradi: «U bunday zarbadan omon qolishini tasavvur qilish juda qiyin». Biroq Reuters va AFP axborot agentliklari guruhdagi manbalarga tayanib, Nasrullohning tirikligi haqida xabar bermoqda. Eronning Tasnim axborot agentligi ham guruh rahbari «xavfsiz» ekanini da’vo qildi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning 27 sentabr kuni uyushtirgan hujumi natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, yana 76 kishi jarohatlangan, deb xabar beradi dpa.

Netanyahu: Isroil «Hizbulloh»ni yo‘q qilishga «to‘liq haqli»

Binyamin Netanyahu 27 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida Isroil «isroilliklarni Livan bilan chegaradagi uylariga qaytarish uchun «Hizbulloh»ni yo‘q qilishga to‘la haqli», deb ta’kidladi. «Terrorchilar El-Paso va San-Diyego (Meksika bilan chegaradosh Amerika shaharlari)ni arvoh shaharlarga aylantirgan holatni tasavvur qilib ko‘ring. AQSh hukumati bunga qachongacha chidagan bo‘lardi?» dedi u. So‘ngra Isroil «bir yildan beri bu chidab bo‘lmas vaziyatga chidab kelayotganini» qo‘shimcha qildi.

Netanyahu AQShga tashrifini qisqartirib, Isroilga rejalashtirilganidan erta qaytishga qaror qildi.

26 sentabr kuni AQSh, G7 davlatlari va bir qator Yaqin Sharq mamlakatlarni Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatib, muzokaralarni boshlashga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: