Prezident qaroriga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari har yili 1 oktyabrga qadar tuzilishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioda Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘anisher Haydarov klasterlarga 6800 so‘mdan qimmat narxda shartnoma qilmaslikni aytgan.
“Hurmatli klasterlar, dislokatsiya bo‘yicha hamma bir-birining hurmatini bilsin. Dislokatsiyadan tashqari birortangiz o‘zingizdan boshqa territoriyaga kirmanglar. Har bir klaster eshitib olsin, birjaga qo‘yiladigan paxtani 6800 so‘mdan ortig‘iga urmang. Kimda kim 6800 so‘mdan ortig‘iga ursa, o‘ziga zarar, o‘zi to‘laydi. Shuni esdan chiqarmanglar. Hamma bilib olsin, paxtaning narxi – 6800 so‘m. Sotib olish ham, sotish ham 6800 so‘m. Bir-biringizni hurmat qilinglar, dislokatsiya bo‘yicha qo‘yilgan fermerlarni o‘zingizdan tashqari klaster yutib olmasin, shuni e’tibordan chetda qoldirmanglar”, – deydi mulozim.
U yana bir audioda klasterlarni ogohlantirgan: 7000-8000 so‘mdan fyuchers shartnomasi qilganlar narx bu yilgidek hukumat tomonidan pasaytirib berilishini kutmasligi kerak.
“Men hozir birjaga kirib chiqdim, yana bir o‘ylab ko‘ringlar. Yana 6800 so‘mga tushar ekan desangiz, xato qilasizlar”, – deydi G‘anisher Haydarov.
Viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov yuqoridagi audio G‘anisher Haydarovga tegishli ekanini tasdiqladi. U mulozimning ogohlantirishini “fermerlarning foydasiga” deb talqin qildi.
“Paxta-to‘yimachilik klaster korxonalariga birjaga o‘rtacha xarid narxi 6800 so‘mdan yuqori narxda sotib olingan paxtani xarid narxi bo‘yicha qo‘shimcha bitim tuzilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 574-sonli qarori kuchga kirganidan so‘ng, klaster korxonasi tomonidan birja savdolarida sotib olingan paxta xarid narxida to‘lanishi bo‘yicha klaster korxonalariga murojaat qilingan.
Bundan kelib chiqadiki, fermer xo‘jaliklarining manfaatlarini ko‘zlab, fyuchers shartnomasida ko‘rsatilgan narxlarda klaster korxonasi tomonidan to‘lanishi fermerlarimizga foyda keltiradi”, – deyiladi hokimlik izohida.
Kun.uz mazkur holatga Raqobat qo‘mitasining aralashuvini zarur deb hisoblaydi. Chunki holat viloyat hokimligi izohlayotganidek emas: klasterlarning narx bo‘yicha raqobat qilmasdan, narxni amaldor belgilab berishi fermerlarning foydasiga ishlamaydi.
Qolaversa, prezident qarorida birjadagi savdolar hududiy doirada, ya’ni butun viloyat miqyosidagi fermerlar va klasterlar o‘rtasida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Hokimning maslahatchisi aytayotgan dislokatsiya (tumanlar yoki tumanlar guruhi doirasidagi cheklov) qonunchilikda ko‘zda tutilmagan. Kelgusi yil hosili uchun fyuchers savdolari ushbu dislokatsiya doirasida, ya’ni ma’muriy aralashuv bilan raqobat sun’iy cheklangan tarzda o‘tishiga antimonopoliya organi tomonidan tegishli baho berilishi maqsadga muvofiq.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga binoan, raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar, xususan, narxlarni sun’iy ravishda belgilash, tovar yoki moliya bozorini hududiy prinsip bo‘yicha bo‘lib olish taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan paxta va chigit bo‘yicha hududiy taqiqlar o‘rnatilishi Qashqadaryo viloyatida ko‘p bora ro‘y bergan. 2022 yilda viloyat hokimi Murodjon Azimov viloyat hududidan chigit olib chiqishga noqonuniy taqiq qo‘yib qo‘ygan, bu noroziliklarga sabab bo‘lgandi.
Shu kabi bir qator shov-shuvli holatlardan keyin, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning O‘zbekiston hududida erkin harakatlanishini cheklab qo‘yish qonunan taqiqlangan, bu haqda yangilangan Konstitutsiyaga ham alohida band kiritilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda fermer–klaster munosabatlarini bozor relslariga o‘tkazish bo‘yicha o‘tgan yili prezident qarori imzolangan edi.
Shu qarorga asosan, ilk marta 2024 yilgi hosil uchun fyuchers shartnomalari tovar xomashyo birjasida (har bir hudud uchun alohida) o‘tkazilgan savdolar orqali imzolangan edi. Bunda bir qator holatlarda kilosiga 8500 so‘m va undan yuqori narxlarda ham shartnomalar tuzilgandi.
Lekin, terim davriga kelib, klasterlar fermerlardan paxtani shartnomada ko‘rsatilgan narxlarda sotib olishni istamay qoldi. Ular bunga jahon bozorida paxta narxlari tushib ketgani, xomashyoni qimmat narxda oladigan bo‘lsa, eksport bozorlarida boshqa ishlab chiqaruvchilarga raqobat qila olmasliklarini vaj qilib ko‘rsatdi.
Hukumat bu o‘rinda tadbirkorlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga aralashib, klasterlarning xohishini bajarishga qaror qildi. Vazirlar Mahkamasining 16 sentabr kungi qaroriga asosan, joriy yilgi hosil uchun tuzilgan fyuchers bitimlariga qo‘shimcha shartnomalar tuzilib, narx 6800 so‘mgacha tushirildi.
Hukumat fermerlarning zararini qisman qoplash maqsadida, ularga muayyan tartibda paxtaning tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya to‘lanishini e’lon qildi. Shu tariqa, klasterlar shartnoma tuzish orqali o‘z zimmasiga olgan moliyaviy majburiyatlarning bir qismini (3,5 trillin so‘m) soliq to‘lovchilar ko‘taradigan bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi 25 sentabr kuni bergan axborotdan ma’lum bo‘ldiki, 90 foizdan ortiq fermer paxta narxini pasaytirishga ko‘ndirilgan. Qator holatlarda qo‘shimcha shartnomalar ixtiyoriy-majburiy tarzda tuzilgani, fermerlarga bosim o‘tkazilgani aytilmoqda.
Bir necha kun oldin Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov hamma fermerlarni majlisga yig‘ib, jo‘natilgan blankaga muhr va imzo qo‘ydirish topshirig‘ini bergani aks etgan audio tarqalgandi.
Kun.uz bu mavzuda Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan intervyu tashkil etgandi.