Kamola Mahmudova vafot etdi

O‘zbekiston 10:22 / 27.09.2024 57385

Asli o‘zbekistonlik, ko‘p yillar Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tizimida ishlagan jamoat arbobi Kamola Mahmudova uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 48 yoshida Londonda vafot etdi.

U YeTTBning mintaqadagi yirik loyihalariga rahbarlik qilgan, oxirgi paytlar Ozarboyjondagi vakolatxona direktori lavozimida ishlab kelayotgandi

Mahmudova O‘zbekistonda ko‘plab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan, jumladan, Khan Academy ta’lim platformasini o‘zbek tilida ishlab chiqishga ko‘maklashish, saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berish va Buxoroda ko‘chat ekish ishlari Kamolaning sa’y-harakatlari bilan amalga oshgan.

2020 yilda Shavkat Mirziyoyev uni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagandi.

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari, O‘zbekistonning Belgiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardagi elchisi, professor Alisher Fayzullayev shunday ta’kidladi: «Ishonish qiyin, bu shok, bu butun o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar uchun katta yo‘qotish. U o‘zining qisqa umri davomida juda ko‘p yutuqlarga erishdi, O‘zbekiston uchun, o‘zbek madaniyatining Buyuk Britaniya va butun dunyoda keng targ‘ib qilinishi uchun ko‘p ishlar qildi».

«Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida katta lavozimlarda ishladi va doim O‘zbekistonga va o‘zbekistonliklarga yordam berdi. Londonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini uyushtirgan asosiy shaxlardan biri edi… U juda yorqin, ko‘p qirrali, g‘ayratli, ko‘ngli ochiq va kamtarin shaxs edi. Uzoq masofaga yugurish, yoga va qadimgi Sharq falsafasiga qiziqardi. Unda har doim qiziq g‘oyalar, rejalar va loyihalar ko‘p bo‘lardi. U hayotimda uchratgan eng yorqin shaxslardan biri edi», — deb yozadi Alisher Fayzullayev.

Kamola Mahmudovaning dafn marosimi 27 sentabr kuni London shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: