“Odamlar qiynalyapti” - Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik qachon tiklanadi?

O‘zbekiston 19:48 / 26.09.2024 5236

2024 yil 13-14 iyul kunlari kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Farg‘ona vodiysi va Qirg‘izistonning Osh viloyatlarida kuchli sel keldi. Oqibatda Andijon viloyati Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari o‘rtasidagi Yorqishloq qishlog‘ida soy ustiga qurilgan ko‘prik qulab tushgan edi.

Natijada ikki tumanning yirik aholi punktlari o‘rtasidagi avtomobil qatnovi to‘xtab qoldi. Hokimlik qurib bergan vaqtincha ko‘prik – suvga tashlangan yirik trubalar ustidagi shag‘al tashlab qo‘yilgan holati esa juda xavfli bo‘lib, yoz oylarida bir necha marta oqib ketdi. Hozir ham suv sathining biroz ko‘tarilishi yana vaqtincha ko‘prikni oqizib yuborishi mumkin.

Kun.uz'ga murojaat qilgan mahalliy aholi vakillarining ma’lum qilishicha, oradan 2 oydan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qulab tushgan ko‘prikni tiklash ishlari amalga oshirilmagan.

“O‘sha yerda ishlagan quruvchilar bir necha kun suvga kichik trubalar qo‘yib ketishdi, keyin uni yana suv oqizib ketdi. Kelib yana shunaqa omonat ko‘prik qilib ketishdi. Shu bilan qaytib hech kim bu masalani eslamay qo‘ydi. Bu joydan o‘tishda odamlar juda qiynalyapti, mashinalar soyni ichiga tushib yurgisi kelmaydi. Yurayotganlari ham yo‘lning tor va noqulayligi uchun katta tirbandliklarda qolishga majbur.

Sovuq kunlar, yomg‘ir-qor yaqinlashyapti. Yaqinda umuman yurib bo‘lmay qoladi. Minglab aholi har kuni uyoqdan-buyoqqa o‘tib, Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobod markazidagi bozorlarga boradi. Bundan tashqari, bu yerda Andijondagi eng yirik “Do‘stlik” bojxona posti orqali ham odamlar o‘tib qaytadi, ularning bir qismi bu ko‘prik orqali Jalaquduq tumaniga o‘tib ketardi” – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillaridan biri.

Voqea hamma joyda shov-shuv bo‘lib, sel ko‘prikni oqizgani haqida videolar tarqalgach, tuman va viloyat hokimliklari bayonot bergan. Andijon viloyati hokimligi hukumat topshirig‘i asosida vaqtincha ko‘prikka parallel ravishda sel oqizib ketgan asosiy ko‘prikni ham tiklash ishlari amalga oshirilishini aytgan edi.

“Hukumat topshirig‘iga asosan, viloyat hokimligi nazorati ostida Xo‘jaobod va Jalaquduq tumani oralig‘ida yangi ko‘prik qurilmoqda”, – deyilgan viloyat hokimligi 15 iyul kuni tarqatgan rasmiy xabarda.

“Vaqtinchalik ko‘prikni qurish bo‘yicha 40 ta texnika bilan 24 soat ishni tashkil qilganmiz, parallel ravishda bu [qulagan] ko‘prikni tiklash ishlari ham amalga oshirilmoqda”,degan Andijon viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi rahbari Mirzohid Nurmatov.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ko‘prikni qayta tiklash to‘xtab qolmagan, qurilish ishlari davom etmoqda.

“Ayni vaqtda ko‘prik ustunlari uchun karkaslar yasalyapti, qurilish joyiga saqichlar olib kelib qo‘yilgan. Qurilish to‘xtab qolmagan. Odamlar soy ichida ustalarni ko‘rmagani uchun shunday deyotgandir. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari ayni vaqtda joyiga chiqib, holatni o‘rganmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, – dedi Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimov.

Eslatib o‘tamiz, ko‘prikning qulashi voqeasidan 2 hafta o‘tib, Andijonda qariyb 10 milliard so‘m evaziga jahon estradasi yulduzlari ishtirokida “Dunyo sadolari” musiqa festivali bo‘lib o‘tgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: