Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroillik harbiylarga jangni «to‘liq kuch bilan» davom ettirishga hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chorshanba kungi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirishga buyruq berdi, deb xabar bermoqda uning kanselyariyasi.
Bir kun oldin 11 mamlakat va Yevroittifoq qo‘shma bayonotida Isroil va «Hizbulloh»ni uch haftalik sulh e’lon qilish va bu vaqt davomida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish choralarini ko‘rishga chaqirgandi.
Bayonot AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Yevroittifoq vakillari tomonidan imzolangan.
Bu taklifga javoban Netanyahuning kanselyariyasi shuni ma’lum qilgan: «O‘t ochish to‘xtatilishi haqidagi xabar — rost emas. Bu Amerika-Fransiya taklifi bo‘lib, bosh vazir unga hatto e’tibor qaratmadi».
«Bosh vazir TsAHALga harbiy harakatlarni to‘la kuch bilan va u tomonidan taqdim etilgan rejalarga muvofiq davom ettirishni buyurdi. Bundan tashqari, G‘azodagi harbiy harakatlar ham urushdagi barcha maqsadlarga erishilmagunicha davom etadi», — deya qayd etadi Netanyahuning ofisi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats keyinroq aniqlik kiritib, «shimolda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lmasligi»ni aytdi. «Biz g‘alaba va shimoldagi aholi o‘z uylariga qaytishi uchun xavfsizlik ta’minlanmagunicha „Hizbulloh“ terrorchilik tashkilotiga qarshi bor kuchimiz bilan kurashni davom ettiramiz», — deyiladi Katsning X ijtimoiy tarmog‘ida joylangan bayonotida.
Isroil mudofaa armiyasi o‘z qiruvchi samolyotlari Suriya va Livan chegarasida «Hizbulloh» tomonidan «qurol olib o‘tish» uchun foydalanilgan infratuzilmalarga zarbalar yo‘llaganini ma’lum qilgan.
TsAHAL o‘z maqsadi — «Livanga qurol kirib kelishi va „Hizbulloh“ qurollantirilishining oldini olish» ekanini, Isroil qo‘shini «harbiy salohiyat va infratuzilmalarga zarar yetkazish uchun kuchlarni qo‘llagan holda hujum qilish»da davom etajagini bildirgan.
Livan transport vaziri Ali Hamiyehning tasdiqlashicha, isroilliklar zarbasi chegaradagi ko‘prikning Suriya hududidagi qismiga tushgan.
Hamiyeh Reuters agentligi bilan suhbatda ko‘prik zarbadan keyin qanday holatda ekanidan xabardor emasligini aytgan.
O‘z navbatida, «Hizbulloh» payshanba kuni Isroil shimolida, Hayfa yaqinidagi harbiy obektga zarba yo‘llagani haqida xabar bergan. AFP ma’lumotiga ko‘ra, «Hizbulloh» «raketalar uchirish»da foydalaniladigan
«Rafael harbiy sanoat komplekslarini bombardimon qilgan».
Avvalroq isroillik harbiylar Livandan mamlakat hududiga 45 ga yaqin raketa uchirilgani haqida xabar qilgandi. Ularning aksari tutib qolingan, qolgani ochiq joylarga tushgan, deb xabar qilgan Isroil mudofaa armiyasi.
Rafael Advanced Defense Systems — Isroildagi mudofaa kompaniyasi bo‘lib, «Temir gumbaz» raketalarga qarshi mudofaa tizimini ham ishlab chiqqan. Isroil kompaniya binolari shikastlangani to‘g‘risida rasmiy xabar bermagan.