Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi giyohvand moddalar uchun 9,5 yilga qamaldi

Sport 12:52 / 25.09.2024 4276

Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Aleksey Bugayev giyohvand moddalarni sotishga uringani uchun qattiq tartibli koloniyaga 9,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda 24 sentabr, seshanba kuni Krasnodar o‘lkasi sudlarining qo‘shma matbuot xizmati xabar berdi.

Krasnodar shahri Prikubanskiy rayon sudi hukmiga ko‘ra, «2023 yil oktyabr oyida Bugayev giyohvand moddalar bo‘lgan «zakladka» joylashuvi koordinatalari ko‘rsatilgan SMS-xabarni olib, tegishli joydan giyohvand moddalarni olib ketgan. Ularning umumiy og‘irligi 494,8 gramm bo‘lgan». «Sudlanuvchi giyohvand moddalarni keyingi noqonuniy sotish maqsadida olgan, biroq u huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingani bois, bunga erisha olmadi», — deya aniqlik kiritadi sudlarning qo‘shma matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, dastlab Bugayev «u giyohvand moddalarni tarqatishni rejalashtirmaganligini, lekin politsiyaga buni qilishni taklif etgan odamlarni fosh qilishda yordam bermoqchi bo‘lganini» da’vo qilgan. «Ammo sud majlisida ko‘rsatmasi o‘qib eshittirilgach, Bugayev o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va qilmishidan pushaymon bo‘ldi, shuningdek, sudlanuvchining aybi ish bo‘yicha tekshirilgan dalillar bo‘yicha aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, sud hukm chiqarishda futbolchining farzandi borligi, pushaymonligi, shuningdek, sportdagi muvaffaqiyati uchun ko‘plab mukofotlari mavjudligini hisobga olgan.

Aleksey Bugayevning sport karerasi

«Interfaks» agentligining eslatishicha, 43 yoshli Bugayev 2004-2005 yillarda futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasida o‘ynagan. Shuningdek, u Moskvaning «Torpedo» va «Lokomotiv», Tomskning «Tom», Moskva oblastining «Ximki», Krasnodarning «Krasnodar» klublarida o‘ynagan va Rossiya terma jamoasida bir necha o‘yin o‘tkazgan. «Lokomotiv» tarkibida superkubok va Rossiya chempionatining bronza medali sovrindori», — deyiladi agentlik xabarida.

Futbolchining Krasnodarda hibsga olingani va unga nisbatan giyohvand moddalarni o‘ta yirik miqdorda sotishga urinish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani 2023 yilning noyabrida ma’lum bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: