Putin: «Bizga oddiy qurol bilan hujum ham yadro zarbasiga asos bo‘ladi»

Jahon 23:04 / 25.09.2024 28634

Kreml rasmiy sahifalarida Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi tiyib turuvchi yadro kuchlari bo‘yicha doimiy a’zolar yig‘ilishida nutq so‘zlagani aks etgan video e’lon qilindi. Unda Putin amalda Ukrainaga yadro quroli tashlash uchun huquqiy asos bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

Putin Peterburg iqtisodiy forumi davomida mamlakat yadro doktrinasiga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi haqida gapirgandi. 25 sentabrdagi yig‘ilishda esa doktrinaning yangi tahririga qanday o‘zgarishlar kiritilayotgani haqida gapirdi.

Putinga ko‘ra, endilikda Rossiya hududiga har qanday oddiy qurol, hatto uchuvchisiz qurilma yordamida hujum qilish yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi. Rossiya prezidentining gapidan har qanday qurol mamlakat tomon ucha boshlaganining o‘zi o‘sha davlatga yadro quroli tashlash uchun asos bo‘ladi.

«Rossiya mamlakat tomonga raketa yoki uchuvchisiz qurilma yordamida hujumga start berilgani haqida ishonchli ma’lumot olgan zahoti yadro qurolidan foydalanish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin», degan Rossiya prezidenti.

Putin Rossiya yadro doktrinasiga kiritilishi taklif qilinayotgan eng asosiy o‘zgarish haqida ham gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha faqat yadroviy davlatlar hujumi vaqtidagina yadro quroli bilan javob qaytarish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endilikda noyadroviy davlatlar hujumi ham yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi.

«Rossiyaga har qanday noyadroviy davlat yadroviy davlat yordamida hujum qilishi RFga birgalikda hujum deb qabul qilinadi va yadro quroli bilan javob qaytarishga asos bo‘ladi», dedi Putin.

Putin Rossiya suverenitetiga har qanday oddiy qurol bilan tahdid qilinishi ham yadroviy javob beriga asos bo‘lishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, qaysidir davlatning Belarusga hujumi ham Rossiya tomonidan yadro zarbasi berishga asos bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

TASS axborot agentligining yozishicha, tiyib turuvchi yadro kuchlari bo‘yicha Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi ilk marta ochiq formatda o‘tgan. Ushbu yig‘ilish G‘arb davlatlari Rossiya ichkarisiga uzoq masofaga uchadigan raketalar bilan zarba berishga ruxsat etishi muhokama qilinayotgan bir vaqtda ko‘rsatildi.

Ma’lumot uchun, urush boshlanganidan buyon tez-tez Ukraina dronlari Rossiya hududini buzib kirib yong‘inlar keltirib chiqarmoqda. Ayni damda Ukraina Rossiyaning Kursk oblastidagi 1000 kilometr kvadrat maydonni egallab, nazorat qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: