Muhojirlardan himoyalanish uchun: Eron Afg‘oniston bilan chegarada devor qurmoqda

Jahon 19:40 / 24.09.2024 3855

Eronning Afg‘oniston bilan umumiy chegarasi 900 kilometrdan oshiq bo‘lib, uni muntazam ravishda qochoqlar kesib o‘tadi. Muhojirlar oqimi 2021 yilning avgustida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketib, mamlakat “Tolibon” nazoratiga o‘tganidan beri ko‘payib bormoqda. Avvalroq Tehron davlat chegarasining ushbu qismida uzunligi 295 kilometr, balandligi 4 metr bo‘lgan devor qurish niyatida ekani xabar qilingandi.

Tehron afg‘on muhojirlari soni haqida rasmiy ma’lumot bermagan, ammo parlament a’zosi Abulfazl To‘rabiy ularning sonini 6 milliondan 7 milliongacha deb baholadi. Yaqinda rasmiylar “noqonuniy” qochqinlarga bosimni kuchaytirdi va ular sharqiy chegara orqali chiqarib yuborilishini e’lon qildi.

“Chegarani to‘sib qo‘yish orqali mamlakatga kirib-chiqishni nazorat qilishni hamda chegara hududlarining xavfsizligini oshirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Ne’matiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, devor qurilishida to‘rtta jangovar muhandislik guruhi va 14 ta muhandislik bo‘linmasi, shuningdek, mamlakatning turli qismlaridan kelgan bir nechta jangovar rotalar ishtirok etmoqda.

Sentyabr oyida ichki ishlar vaziri Iskandar Mo‘miniy Eron chegarani blokirovka qilish uchun devorga qo‘shimcha ravishda tikanli sim va suv bilan to‘ldirilgan xandaqlardan ham foydalanishini aytgandi. 13 sentabr kuni parlament Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy politsiya “yaqin orada ikki milliondan ortiq noqonuniy fuqarolarni chiqarib yuborishni” rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

IRNA rasmiy axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘onlar Erondagi “xorijiy fuqarolarning 90 foizdan ko‘prog‘ini” tashkil etadi va “ularning aksariyati mamlakatga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirgan”. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon hukumat “noqonuniy fuqarolarni hurmat bilan o‘z mamlakatlariga qaytarishni” rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Statistika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyidan beri Eron 2,7 milliondan ortiq ro‘yxatga olingan afg‘on qochqinlarini qabul qilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatdagi qonuniy muhojirlarning 97 foizini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: