Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22 sentabr kuni kechqurun AQShga rasmiy tashrifini boshladi. Pensilvaniya tomon yo‘lda yozgan videomurojaatida u Rossiyaning Ukraina bilan urushi buyog‘iga nima bo‘lishi shu kuzda ma’lum bo‘lishini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u AQShda «g‘alaba rejasi»ni taqdim etadi. Uni birinchi bo‘lib prezident Jo Bayden ko‘radi, keyin — Kongress a’zolari, shuningdek AQSh prezidentligiga nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp. AQShga tashrifi chog‘ida Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasida ham chiqish qiladi.
«Amerika Ukraina bilan, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda biz hammasidan ko‘ra ko‘proq istayotgan ishni amalga oshirishga qodir. Bizga tinchlik kerak, aynan tinchlik formulasidagi kabi, BMT Nizomida nazarda tutilganidek. Biz buning uchun hamma ishni qilamiz. Mustaqilligimiz va odamlarimiz himoyasi uchun qurollar. Hamkorlarni birlashtirish va Rossiyani tinchlikka majburlash uchun diplomatiya. Va adolat — Rossiya bu urush uchun javob berishi va uning oqibatlarini his qilishi uchun», — degan Zelenskiy murojaatda.
Zelenskiy AQShga tashrifini Pensilvaniya shtatidagi zavodga borishdan boshladi. U yerda ukrain armiyasi uchun 155 millimetr kalibrdagi artilleriya snaryadlari ishlab chiqariladi. Ukraina prezidenti rasmiy saytiga ko‘ra, Zelenskiy o‘q-dori ishlab chiqarilishi jarayonini kuzatgan va zavod rahbariyati va ishchilar bilan suhbat qurgan.
Zelenskiy jamoasi tayyorlagan «g‘alaba rejasi» to‘lig‘icha oshkor etilmagan. Ammo Britaniyaning The Times gazetasi yozishicha, reja to‘rtta asosiy bandni o‘z ichiga oladi, ular orasida — Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi amaliyotni davom ettirishi ham bor, Kiyevdagilarning hisoblashicha, bu Ukrainaning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun kerak.
Rejaning qolgan bandlari:
- G‘arb tomonidan Ukraina uchun «NATOga kirishda o‘zaro mudofaa paktiga o‘xshash» xavfsizlik kafolatlari;
- «maxsus» zamonaviy qurol yetkazib berish;
- Ukrainaning vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklash uchun xalqaro moliyaviy yordam.
Zelenskiyning o‘zi aytishicha, Kiyevning «g‘alaba rejasi» besh banddan iborat. «To‘rttasi — bizga eng zarurlari va biri — urushdan keyingi davr uchun», — deya qayd etganu.
O‘z navbatida, Bloomberg manbaga tayanib Zelenskiy Bayden Ukrainani NATOga rasman taklif etishini so‘rashi haqida yozgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, «g‘alaba rejasi»da shunday band ham bor.
Kremldagilar Zelenskiyning «g‘alaba rejasi» bo‘yicha hozircha munosabat bildirmadi, chunki bunday reja hali rasman e’lon qilinmagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, agar «rasmiy manbalarda qandaydir ma’lumot paydo bo‘lsa», u holda Moskvadagilar uni o‘rganib ko‘radi.
Zelenskiyning AQShga tashrifi Kiyev o‘z ittifoqchilaridan (birinchi navbatda, Vashingtondan) ularning qurollari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat olishga urinishlari fonida amalga oshirilmoqda. 11 sentabr kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinkena va uning buyuk britaniyalik hamkasbi Devid Lemmining birgalikda Kiyevga tashrifidan keyin The Guardian gazetasi o‘z manbasiga asoslangan holda Buyuk Britaniya Ukrainaga Storm Shadow qanotli raketalari bilan Rossiya hududi bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ammo hozirgacha bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i chiqmadi.
The Times ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya AQShning roziligisiz bunday ruxsatni bera olmaydi. Amalda Lemmi ham buni tasdiqladi. 22 sentabr kuni u Ukrainaga uzoq masofali Storm Shadow raketalaridan Rossiya hududi bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini aytgan. Uning fikricha, hozir «Ukraina tomonida turgan ittifoqchilarning asablari, mardligi, sabri va matonati uchun o‘ta muhim pallalar». The Guardian bu so‘zlar «Rossiyaga zarba berishda Storm Shadow raketalaridan foydalanishga ruxsat berish bilan bog‘liq risklardan xavotirlanayotgan Oq uydagilarga qaratilgani»ni taxmin qilgan.
The Sunday Times manbasi ham Bayden katta ehtimol bilan, Zelenskiyning tashrifi chog‘ida Amerikaning uzoq masofali raketalaridan Rossiya hududlari bo‘ylab zarba berishda foydalanilishiga qo‘yilgan taqiq yechilishi haqida e’lon qilmaydi degan fikrda. BBC News’ning yozishicha, 22 sentabr kuni jurnalistlarning u Ukrainaga Amerikaning uzoq masofali qurollari Rossiya hududiga nishonlarga qarshi qo‘llashga ruxsat berishga qaror qilasizmi deya berilgan savoliga Bayden «Yo‘q» deya javob qaytargan.
Zelenskiyning tashrifi arafasida Amerikadagi The New Yorker jurnalida Ukraina prezidenti bilan katta intervyu e’lon qilindi. Unda ham «g‘alaba rejasi» haqida gap borgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, rejaning mohiyati Ukrainani mustahkamlashdan iborat. «Bu reja biz hozirgi yo‘nalishni o‘zgartirayotganimizni anglatadi, biz faqat armiyamiz qudrati, xalqimiz va jangchilarimizning Yevropa qadriyatlariga qahramona sadoqati evaziga bardosh berdik. Agar siz bu urush cho‘zilishini istamasangiz, agar siz Putin bizni o‘z odamlari jasadlari bilan ko‘mishini xohlamasangiz, bu jarayonda yanada ko‘proq ukrainlar hayotiga zomin bo‘lishiga rozi bo‘lmasangiz, biz bizga Ukrainani mustahkamlash bo‘yicha rejani taqdim etamiz. Bu xayolparastlik va ilmiy fantastika emas, va muhimi, u muvaffaqiyatga erishish uchun rossiyaliklar hamkorligini talab etmaydi», — degan Zelenskiy intervyuda. Uning ta’kidlashicha, reja birinchi navbatda Jo Bayden tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.
Agar Bayden Zelenskiyning rejasiga «yo‘q» deydigan bo‘lsa, bu AQSh prezidenti «urushning Rossiya g‘alabaga erisha olmaydigan shaklda yakunlanishini istamasligini anglatadi», deb hisoblaydi ukrainlar prezidenti. Natijada, uning fikricha, urush davom etadi va yanada uzoq cho‘ziladi.
Zelenskiy bilan suhatlashgan jurnalist Joshua Yaffa AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Kamala Harris bilan debat vaqtida Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi g‘alabasini qanchalik xohlashi haqidagi savolga urush yakunlanishi tarafdori ekanini aytganini eslatgan. Zelenskiyning fikricha, Tramp «aslida urushni qanday to‘xtatishni bilmaydi, hatto bilaman deb o‘ylayotgan bo‘lsa ham».