Amazonka qirg‘og‘idagi bu qabila 16 mingga yaqin aholiga ega. Ular ovchilik, termachilik, baliq ovlash va iste’molga yaroqli ekinlar yetishtirish bilan kun kechiradi.
84 yoshli Martina Kanchi Neyt Boliviya o‘rmonlarining qalin chakalakzorlari orasidan epchillik bilan o‘tib borardi. Tadqiqotchilar va jurnalistlar unga yetolmay, ayoldan to‘xtab turishni iltimos qildi.
10 daqiqa ichida Martina chaqqonlik bilan uch tup manioka kovlab oldi, pichog‘ini ikki marta siltab, zubturum mevalarini uzdi. So‘ngra og‘ir hosilni orqalab uyi tomon yo‘l oldi.
Martina — Amazonka daryosi qirg‘og‘ida izolyatsiyada yashaydigan siman tub aholisiga mansub ayol. Qabila Boliviya poytaxti La-Pasdan 600 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Ayoldagi tetiklik siman qabilasining keksa a’zolari uchun odatiy hol. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, bu qabila dunyodagi eng sog‘lom yurak-qon tomir tizimiga ega, ularning miyasi esa Shimoliy Amerika yoki Yevropa aholisinikiga qaraganda sekinroq qariydi.
Qabila 16 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Ular ota-bobolariga o‘xshab ovchilik, termachilik, baliq ovlash va iste’molga yaroqli ekinlar yetishtirish bilan kun kechiradi.
Olimlar bu xalqning salomatligini anchadan beri o‘rganib, ko‘plab kutilmagan kashfiyotlar qilgan.
Simanlar faol hayot kechiradi — ovchilik, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi, uylari uchun tom to‘qiydi. Ular kunning atigi 10 foizdan kamrog‘ini o‘tirgan holatda o‘tkazadi, bu rivojlangan shaharlardagi 54 foizlik ko‘rsatkichdan ancha kam.
Simanlarda ov sakkiz soatdan ko‘proq davom etadi, ular o‘rtacha 18 kilometr masofani bosib o‘tadi.
Qabila Maniki daryosi bo‘yida istiqomat qiladi. U yerdan eng yaqin shahargacha qayiqda taxminan 100 kilometr masofani bosib o‘tish kerak. Ularning qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari juda cheklangan.
Tadqiqotchilar aniqlashicha, simanlarning o‘rtacha kunlik ratsionida yog‘ 14 foizni tashkil etadi, taqqoslash uchun — AQShda bu 34 foiz. Ular ko‘p miqdorda kletchatka iste’mol qilishadi, qabila vakillari qabul qiladigan kaloriyalarning 72 foizi uglevodlardan keladi. Simanlar taomining oqsil qismini ular ov qiladigan hayvonlar (asosan qushlar va maymunlar) go‘shti hamda baliq tashkil etadi. Odatda, ular ovqatni qovurmaydi.
Amazonkaning tub aholisi Kaliforniya universiteti olimlarining e’tiborini tortgan, ular keksa simanning gipertoniya, qandli diabet yoki yurak bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekmasligini ta’kidlaydi.
Odatda yillar o‘tishi bilan organizmda yog‘lar va boshqa moddalarning to‘planib borishi qon tomirlari devorlarida xolesterin pilakchalarining hosil bo‘lishiga olib keladi, bu esa ateroskleroz boshlanishiga sabab bo‘ladi.
Olimlar 40 yoshdan oshgan 705 nafar siman vakillarining kompyuter tomografiyasini o‘tkazishga qaror qildi va ularning koronar qon tomirlaridagi aterosklerozi darajasi fanga ma’lum barcha aholi guruhlari orasida eng past ekanini aniqladi. Shuningdek, ularda yurak kasalliklari darajasi ham nihoyatda pastligi ma’lum bo‘ldi.
“75 yoshli simanning arteriyalari 50 yoshli amerikalik bilan bir xil”, — deydi Kaliforniya universiteti professori Kaplan.
Proceedings of the National Academy of Science jurnalida 2023 yilda chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, keksa simanda miya atrofiyasi Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQSh kabi sanoati rivojlangan mamlakatlardagi keksalarga qaraganda 70 foizga kamroq.
“Qabilaning katta yoshli aholisi orasida birorta Alseymer kasalligini qayd etmadik”, — deydi boliviyalik shifokor Daniel Eyd Rodriges.
Biroq har doim ham bu odamlarning aniq yoshini aytib bo‘lmaydi, chunki ma’lumoti yo‘qligi tufayli ularda hisob-kitob bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Simanlarning tushuntirishicha, ularning tug‘ilgan sanalari hududga turli vaqtlarda tashrif buyurgan nasroniy missiyalari tomonidan bitilgan yozuvlarga yoki bir-birlarini qancha vaqtdan beri tanishlariga asoslanadi. Olimlar esa keksa simanlarning yoshini ularning bolalari yoshiga qarab hisoblaydi.
Yozuvlarga qaralsa, mahalliy ayollardan biri Hilda 81 yoshda, ammo u jurnalistlarga yaqinda uning oilasi “yuz yosh yoki shunga yaqin” yubileyni nishonlagani haqida aytib berdi.
O‘zini 78 yoshda deb ta’kidlayotgan Xuan jurnalistlarni ovga taklif qildi. Uning ko‘zlari o‘ynoqi, qo‘llari baquvvat, sochida umuman oq yo‘q. U tasani bolasini (yovvoyi cho‘chqalarning kichik turi) ustalik bilan ta’qib qilardi.
Biroq u keksalik o‘zini sezdirayotganini tan oldi: “Tanam o‘zimga bo‘ysunmayapti. Endi uzoq ov qilolmayman — eng ko‘pi bilan ikki kun”.
Martina ham uning gapiga qo‘shildi. Siman ayollari odatda changalzor ichkarisida o‘sadigan jatata nomli o‘simlikdan uylariga tom to‘qishadi. Uni topish uchun Martina uch soat yo‘l yurib changalzorga boradi, shox-shabbalar bog‘ini orqalab yana uch soatda orqaga qaytadi.
“Bu ishni oyiga bir-ikki marta qilaman, endi bu men uchun tobora qiyinlashayotganini his qilyapman”, — deb shikoyat qildi Martina.
Ta’kidlash kerak, Amazonka o‘rmonlaridagi bu qabila vakillarining ko‘pchiligi uzoq umr ko‘rmaydi. Tadqiqot boshlanganida siman qabilasining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 45 yil bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 50 yoshgacha ko‘tarildi.
Tadqiqotchilar qabila ayollaridan ularning oilalari haqida so‘radi.
Ulardan biri olti farzandi borligini, ulardan beshtasi vafot etganini aytdi. Ikkinchisi 12 nafar farzand ko‘rgan, to‘rttasi vafot etgan. Yana bir ayolning aytishicha, u uchta bolasini tuproqqa qo‘ygan, lekin to‘qqiztasi tirik.
“80 yoshgacha yetgan odamlar bolaligida ko‘plab kasallik va infeksiyalarni boshdan kechirgan bo‘lib chiqadi” — deb tushuntirdi doktor Eyd.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, barcha simanlar hayoti davomida gijja yoki shunga o‘xshash parazitlar bilan kasallangan. Shuningdek, qabila vakillarida patogenlar va yallig‘lanishlarning yuqori darajasi aniqlandi, bu esa simanliklar organizmi doimiy ravishda infeksiyalarga qarshi kurashishini anglatadi.
Shu munosabat bilan olimlar ovqatlanish va jismoniy faollikdan tashqari, yoshlikda yuqumli kasalliklarni yengish ham qabila salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘lishi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.
Biroq simanlarning turmush tarzi asta-sekin o‘zgarib bormoqda.
Xuanning aytishicha, u bir necha oydan beri birorta yirik hayvonni ovlashga muvaffaq bo‘lmagan. 2023 yil oxirida o‘rmon yong‘inlari deyarli ikki million gektar maydonni yo‘q qildi.
“Yong‘in hayvonlarni qochishga majbur qildi”, — dedi Xuan.
U qoramol ko‘paytirishni boshlagan, shu tariqa oilani go‘sht bilan ta’minlamoqchi.
O‘zgarishlar yo‘lidagi yana bir qadam shuki, simanlarda paydo bo‘lgan motorli qayiqlar ularga bozorga borishni, shakar, un va yog‘ mahsulotlarini olishni osonlashtirdi. Endi ular kamroq eshkak eshyapti, bu eng og‘ir jismoniy harakatlardan biri edi.
Yigirma yil oldin simanlar orasida qandli diabet holatlari deyarli uchramagan, hozir bu kasallik paydo bo‘la boshladi, yosh aholi orasida xolesterin darajasi ham oshdi, deydi tadqiqotchilar.
“Ularning odatlaridagi har qanday kichik o‘zgarish salomatlik belgilariga ta’sir qiladi”, — deb tushuntirdi doktor Eyd.
So‘nggi 20 yil davomida tadqiqotchilarning ishtiroki ham qabila hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Olimlar ularga kataraktani olib tashlash operatsiyalaridan tortib, suyak sinishlari va ilon chaqishini davolashgacha bo‘lgan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratib berdi.
Simanlar keksayishga hazil bilan qaraydi.
“Men o‘limdan qo‘rqmayman”, — deydi Hilda kulib. “Dafn etishsa, tinch yotaman”.