Xitoyda 3D-printer yordamida baliq go‘shti muqobili yaratildi

Fan-texnika 23:19 / 23.09.2024 6675

Xitoydagi Chjetszyan universiteti olimlari 3D-printer yordamida sariq baliqning o‘simliklardan tayyorlangan muqobilini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Food Physics ilmiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda so‘z boradi.

Mutaxassislarning aytishicha, tayyor mahsulot haqiqiy baliqqa juda o‘xshab ketadi. Baliq go‘shti tuzilishi o‘xshash bo‘lishi uchun jamoa KT-skanerlashni amalga oshirgan va uning mushak hamda yog‘lari taqsimlanishiga oid uch o‘lchamli modelni olgan. Shundan keyin olimlar soya oqsili va kraxmaldan foydalangan holda uning to‘qimalari tuzilishini tiklagan.

«Natijada, 3D-printer yordamida kompozit tuzilishi 90 foizdan ortiq aniqlikdagi baliq go‘shti imitatsiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lindi», — deyiladi xabarda.

Tadqiqotchilarning qo‘shimcha qilishicha, tayyor bo‘lgan mahsulot tuzilishi, undagi namlikning taqsimlanishi va oziq-ovqat moddalari haqiqiy baliqnikiga yaqin.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning ixtirosi baliqchilik sohasidagi yuklamalarni kamaytirishga xizmat qiladi, chunki hozirda suv bioresurslarini ekologik xavfsiz hajmlarda qazib olish imkoniyatlari deyarli tugagan.

Ko‘proq yangiliklar: