Prezident shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini tabrikladi

Sport 21:29 / 23.09.2024 4259

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida uchinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi a’zolarini tabrikladi.

«G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir», deyiladi tabrik so‘zida.

Mirziyoyev terma jamoa a’zolari - Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov natijalari juda qadrli ekanini ta’kidladi.

«Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo‘lga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida ta’kidlash lozim», deyiladi tabrikda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston ayollar terma jamoasining 12-o‘rinni egallaganini ham qayd etdi.

«Mard va jasur o‘g‘lonlarimiz qatorida Afro‘za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-g‘ayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar. Ular o‘tgan olimpiadada ko‘rsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat o‘rtasida 12-o‘rinni egallaganlari albatta e’tiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni zabt etishlarini tilayman», deyiladi tabrikda.

Prezident 2026 yilda O‘zbekiston shaxmat olimpiadasiga ilk bor mezbonlik qilishini esga olib, shaxmatchilarga unda ham eng yuksak cho‘qqilar zabt etishini tiladi.

Ko‘proq yangiliklar: