O‘zgartirilgan hukm va sud zalidan ozodlik – yasama jinoyatda ayblangan ayol ochiqqa chiqdi

Jamiyat 17:40 / 23.09.2024 24279

Qibrayda 10 yoshli qizini sotganlikda ayblanib, sud hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Zulxumor Abdurahimova ishi apellyatsiya instansiya sudida ko‘rib chiqildi. Huquq faollari bu ishni yollanma odamlar ishtirokida amalga oshirilgan “yasama jinoyat” deb atab, tergov noqonuniy o‘tkazilgani va adolatsiz hukm chiqarilganini bildirishgandi.

Ish tafsilotlarini o‘rgangan «STRONG SHIELDING» advokatlik byurosi advokati Qobil Anorboyev Zulxumorni tekinga himoya qilish istagini bildirdi. 17 sentabr kuni ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.

Advokat jinoyat ishini o‘rganishda tergov jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan bir qancha xato va kamchiliklar yuzasidan dalillar keltirdi.

“Bevosita so‘zlashuv stenogrammasini ko‘radigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda arizachi ayolga pul taklif qilyapti. O‘zining 4 nafar farzandi bo‘la turib, 5 yildan buyon farzandi yo‘qligini aytib aldab, o‘ziga turmush o‘rtoq bo‘lmagan shaxsni olib borib, turmush o‘rtog‘im deb tanishtirgan. So‘ngra bir necha bor “onaning sut haqi degan narsa bor, sizni rozi qilaylik”, deya ayolni jinoyat qilishga undayapti. Ona esa “yo‘q, oldin farzandim sizlarga o‘rgansin”, deyapti. Bu gaplardan maqsad nima? Farzandini sotish emas, farzandlikka berish, boqish uchun tarbiyaga berish. O‘zining ijtimoiy ahvoli og‘irligi uchun uni boshqa oilaga topshiryapti”, dedi advokat.

Qobil Anorboyev ishni o‘rganishda qonun normalari jiddiy buzilgani, adolatsiz jazo tayinlanib, aybsiz shaxs jazoga tortilgani uchun Abdurahimovaga nisbatan ishni qayta ko‘rib chiqish kerakligini so‘rab shikoyat kiritilganini ma’lum qildi. Advokat ayol farzandini sotmagani va bunga yetarli dalillar borligi tufayli birinchi instansiya sudi hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.

Apellyatsiya instansiya sudi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirildi. Ya’ni ayolga qo‘llangan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil muddatga tushirildi. Jazo shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi hamda ayol sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shuningdek, sud Zulxumor Abdurahimovaning moddiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha Qibray tuman hokimligiga xususiy ajrim kiritilishini ma’lum qildi.

Bir oilaning parokandalikdan qutulishi quvonarli, albatta. Ammo masalaning yana bir jihati – agar tajribali advokat himoyasiga olmaganida ayol balki umrining 8 yilini qamoqda, farzandlar esa mehribonlik uyida o‘tkazgan bo‘lardi. Tergovning bir taraflama, protsessual normalarga mutlaqo zid olib borilgani, bir ayol va ikki bolaning hayoti qurbon qilingani va yolg‘onchi arizachilarning e’tibordan chetda qolishi xavotirli. Bu kabi vaziyatlar aholida ichki ishlar tizimiga nisbatan ishonchsizlikni oshiradi xolos.

Eslatib o‘tamiz, 35 yoshli Zulxumor o‘zining yashash xonadonida “2014 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 2 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida” ushlangan va qamoqqa tashlangan edi. Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov buni “yasama” jinoyat deb atagandi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tahririyat: Ayni paytda ayol turar joy va himoyaga muhtoj. Unga farzandlarini mehribonlik uyidan olib, birga yashashi uchun yordam zarur. O‘zidagi qandli diabetning og‘ir turi, nogiron farzandining parvarishi uchun, oilaning oyoqqa turib ketishiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shish istagida bo‘lganlar 9860010101053659 (singlisi Mirzayeva Muhayyo nomida) bank kartasi orqali yordam ko‘rsatishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: