Olmaliqdagi maktabda 12 o‘quvchi suvdan zaharlangani aytilyapti. O‘zsuvta’minot buni rad etdi

Jamiyat 17:08 / 23.09.2024 3647

Olmaliq shahrida joylashgan ixtisoslashtirilgan Buxoro maktabida 12 o‘quvchi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bu haqda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.

Holatni o‘rgangan Bolalar ombudsmani maktab o‘quvchilari maktab hududidagi filtrlanmagan suv iste’mol qilishi natijasida sog‘ligidan shikoyat qilganini ma’lum qilgan. Tashkilotga ko‘ra, 15 sentabr kunidan 19 sentabr kuniga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan. Ma’lum qilinishicha, Maktab o‘quvchilarining sog‘ligi ijobiy, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilgan.

Holat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat boshqarmasi va Toshkent viloyati Suvta’minoti AJ tomonidan ham o‘rganilgan. O‘zsuvta’minotga ko‘ra, Olmaliq shahar suvta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida suvdan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil namunalari olingan. Shuningdek, hududda yashovchi aholidan ichimlik suv sifati bo‘yicha ma’lumotlar olingan va ularda e’tiroz, ichimlik suv sababli sog‘lig‘ida shikoyatlar yo‘qligi aniqlangan. “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat boshqarmasi Olmaliq shahar bo‘limi tomonidan 20 sentabrda Buxoro maktabida olingan 4 ta ichimlik suv namunalari xulosasiga ko‘ra, ichimlik suv belgilangan me’yor talablariga javob beradi. Bu esa yuqorida qayd etilgan kasallangan o‘quvchilarining ichimlik suviga aloqasi yo‘qligini ko‘rsatadi”, – deyiladi O‘zsuvta’minot munosabatida.

Holat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi, Bolalar ombudsmani va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tekshiruv ishlari olib borilayotgani bildirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: