Butunjahon notenglikka qarshi kurash harakati Oxfam hisobotiga ko‘ra, eng badavlat 3 ming oilaga dunyo Yalpi ichki mahsulotining (YaIM) 13 foizi to‘g‘ri keladi. Bu miqdor 14 trillion dollarni tashkil etadi, garchi 1987 yilda xuddi shunday oilalar atigi 3 foiz YaIM egasi bo‘lgan.
Tahlil Shveytsariyaning UBS global moliyaviy xoldingi ma’lumotlari asosida BMT yillik muhokamasi oldidan o‘tkazilgan. Hisobotda, shuningdek, «Global janub davlatlari» (Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasi) dunyo boyligining atigi 31 foiziga egalik qilishi ta’kidlangan, garchi bu hududlarda dunyo aholisining 79 foizi istiqomat qilsa-da.
Yirik komapniyalarning 1 foizi global moliyaviy aktivlarning deyarli yarmiga (43 foiz) egalik qiladi.
«So‘nggi yillarda o‘ta boy va qudratli korporatsiyalar o‘z ulkan ta’siridan foydalanib, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashish va Covid-19 vaksinalarini dunyoga beg‘araz taqdim etish kabi yirik global muammolarni hal qilish harakatlariga putur yetkazishdi», dedi Oxfam ijrochi direktori Amitabx Behar.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda yirik farmatsevtika kompaniyalari Covid-19 vaksina texnologiyasi bo‘yicha monopoliyalarini buzish harakatlariga qarshilik ko‘rsatdi. Vaksina ishlab chiqarish ustidan monopoliya nazorati pandemiya davrida juda daromadli bo‘ldi.
Hisobotda aytilishicha, birgina 2021 yilda yettita yirik ishlab chiqaruvchi Covid-19 vaksinalarini sotishdan taxminan 50 milliard dollar sof foyda oldi, bu aksiyadorlarga katta daromad keltirdi va yangi «vaksina» milliarderlarining paydo bo‘lishiga olib keldi.