Netanyaxu «Hizbulloh»ga navbatdagi javob zarbalari bilan tahdid qildi

Jahon 10:19 / 23.09.2024 2429

«Hizbulloh»ning qo‘shni Livandan Isroilga qarshi hujumlari fonida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu jangchilarga yangi javob zarbalari bilan tahdid qildi. «Oxirgi kunlarda biz «Hizbulloh»ga ular tasavvur ham qila olmagan bir qancha zarbalarni berdik. Agar «Hizbulloh» harakati bu xabarni tushunmagan bo‘lsa, men va’da beramanki, keyingilarini aniq tushunadi», — deya 22 sentabr, yakshanba kuni Isroil bosh vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP agentligi. 

Shu bilan birga, Netanyahu o‘z bayonotida yana bir bor o‘zi boshchiligidagi vazirlar mahkamasi «Hizbulloh»ning Isroil shimoliga hujumlarini to‘xtatishga harakat qilishini, bu hududlarni tark etishga majbur bo‘lgan odamlar o‘z uylariga qaytishini ta’kidladi. «Hech bir davlat o‘z fuqarolariga hujumlarga, shaharlariga qilingan hujumlarga toqat qila olmaydi, biz - Isroil davlati ham ularga toqat qilmaymiz», dedi u.

Isroil Livan hududiga zarbalar berdi

22 sentabr kuni ertalab Isroil mudofaa armiyasi raketalar otilganidan so‘ng Livandagi «Hizbulloh» harakati obektlariga zarba berganini ma’lum qildi.

TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, 22 sentabr kuni ertalab Livandan Isroil shimolidagi Hayfa hududiga 85 ta raketa uchirilgan. Ularning aksariyati Isroil havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan, biroq ba’zi raketalar o‘z nishonlariga yetib borgan. Umuman olganda, «Hizbulloh» jangchilari Isroil shimoliga 115 ta raketa uchirdi.

Isroil qutqaruv xizmatlarining xabar berishicha, Livandan o‘qqa tutilishi natijasida Hayfa hududida kamida uch kishi yaralangan. Bundan tashqari, bir qancha binolar va avtomobillarga zarar yetgan.

Avvalroq, 20 sentabr kuni Isroil Bayrutga havo hujumi uyushtirdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 sentabr holati bo‘yicha kamida 45 kishi halok bo‘lgan. Shu bilan birga, «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni Ibrohim Oqil va «Radvan» maxsus kuchlarining Hamas jangchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harbiy operatsiyalari qo‘mondoni Ahmad Mahmud Vahbiy halok bo‘ldi. «Hizbulloh» Oqil va Vahbiyning o‘limini tasdiqladi. Ayni paytda, AP agentligining yozishicha, zarba qurbonlari orasida ayollar va bolalar ham bor.

Livanda «Hizbulloh» peyjyer va ratsiyalarining portlashi

Ikki kun davomida butun Livan bo‘ylab «Hizbulloh» jangchilari foydalanadigan peyjyerlar, ratsiyalar va radiostansiyalarning katta portlashlari sodir bo‘ldi. Umuman olganda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, gadjetlar portlashlari oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 3500 dan ortiq kishi jarohatlangan.

18 sentabr, chorshanba kuni bir kun oldin halok bo‘lgan «Hizbulloh» jangchisining dafn marosimida portlashlardan biri yuz berdi. Bir kun avval Eronning Livandagi elchisi peyjyerning portlashi oqibatida jarohatlangan edi. The New York Times gazetasining yozishicha, u bir ko‘zini yo‘qotgan.

Rasmiy Bayrut va «Hizbulloh» harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. U qilgan ishlari uchun «loyiq jazo» olishiga va’da berildi. Reuters manbasining ta’kidlashicha, peyjyerlar Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda - pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar «Mossad» akkumulyatorlar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: