FIDE Bosh assambleyasi RF va Belarusga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni rad etdi

Jahon 10:03 / 23.09.2024 1699

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Bosh assambleyasi Qirg‘izistonning Rossiya va Belarus shaxmatchilariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish taklifini rad etdi. 22 sentabr, yakshanba kuni u yetarlicha ovoz ololmadi: 21 delegat sanksiyalarning to‘liq bekor qilinishi uchun ovoz berdi, 41 davlat qarshi chiqdi, 27 nafari esa betaraf qoldi yoki qatnashmadi, deb xabar beradi Reuters.

Shu bilan birga, Budapeshtda Bosh assambleya FIDE kengashiga 12 yoshgacha bo‘lgan yoki imkoniyati cheklangan rossiyalik va belarusliklarni musobaqalarga qabul qilish imkoniyatini o‘rganish va bu borada Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bilan maslahatlashish uchun ovoz berdi, deya xabar qiladi AFP va Reuters.

Rossiya va Belarus 2022 yilda Moskva Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlaganidan so‘ng FIDEdan chiqarib yuborilgan va bu ularni xalqaro miqyosdagi musobaqalarda qatnashishdan mahrum qilgan.

2024 yil iyun oyida FIDE Etika komissiyasi Rossiya shaxmat federatsiyasini ikki yilga xalqaro federatsiya a’zoligidan mahrum qildi. Bunday qaror Ukraina shaxmat federatsiyasining Rossiya tuzilmasining Qrimdagi, shuningdek, Ukrainaga qarshi urush davrida bosib olingan hududlardagi «faol faoliyati» haqidagi shikoyatidan so‘ng qabul qilindi. Ikki oy o‘tgach, Etika komissiyasining Apellyatsiya palatasi Rossiya federatsiyasini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi, buning o‘rniga Rossiya 45 ming yevro jarimaga tortildi.

Ko‘proq yangiliklar: