Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi a’zolariga aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlandi

Jahon 21:12 / 23.09.2024 2117

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) rahbariyati Livandagi «Hizbulloh» harakati ishtirokchilarining peyjyerlari portlashi bilan bog‘liq voqeadan keyin o‘z a’zolariga aloqa vositalaridan foydalanishni to‘xtatishni buyurdi. Bu haqda Eron xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib Reuters xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, IIMK nafaqat aloqa vositalari, balki barcha elektron qurilmalar ustida keng ko‘lamli tekshiruvlarni olib bormoqda. Ularning aksariyati Eronda ishlab chiqarilgan yoki Xitoy va Rossiyadan olib kelingan.

Reuters manbasi IIMK kuchlari o‘rtasida aloqa qanday ta’minlanayotgani to‘g‘risidagi savollarga javob berishdan bosh tortgan. Faqat ulardan birining ma’lum qilishicha, hozirda messenjerlarda shifrlash tizimidan foydalanilmoqda.

Ushbu amaldorning ta’kidlashicha, Eron siyosiy elitasi vakillari Livandagi portlashlardan tashvishda. IIMK vakillari portlab ketgan qurilmalarning texnik baholanishi yuzasidan «Hizbulloh»ga murojaat qilgan va ularning bir nechta namunasi o‘rganish uchun Tehronga yuborilgan.

Eron hukumati, shuningdek, mamlakatda Isroil agentlari mavjudligi, jumladan, ular tomonidan og‘dirib olingan eronliklar bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Hozirda hukumat IIMKning qator a’zolariga nisbatan tergovni boshlagan. Gap ularning Erondagi bank hisobraqamlari va oilalarini, xorijiy safarlarini tekshirish haqida ketmoqda.

Sentyabr o‘rtalarida Livanda «Hizbulloh» tezkor aloqa vositasi sifatida foydalanib kelgan peyjyerlar va ratsiyalarda portlashlar yuz bergandi. Hodisa oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, 3 mingdan ortiq inson jarohat olgan. Livan va «Hizbulloh» mazkur hujum ortida Isroil turganini ta’kidlamoqda, Isroil hukumati esa ayblovlarni rad etyapti.

Reuters agentligining ma’lum qilishicha, Isroil razvedkasi portlovchi vositalarni «Hizbulloh» bir necha oy oldin xarid qilgan 5 mingta peyjyerga o‘rnatgan.

Ko‘proq yangiliklar: