Al Jazeera ofisini yopgan Isroil, Ukraina dronlarining Rossiya arsenallariga hujumi va Erondagi konda portlash - kun dayjesti

Jahon 14:48 / 23.09.2024 3715

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda 600 dan ziyod masjidlarga tiklab bo‘lmas ziyon yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Tarqatilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda 610 ta masjid to‘liq vayron qilingan, yana 214 tasiga turli darajada ziyon yetkazilgan.

«Amnesty International» xalqaro huquqbonlik tashkiloti Isroilning G‘azodagi fuqarolik infratuzilmasi va qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan ziyon bilan bog‘liq harbiy jinoyatlari yaxshilab tekshirilishini talab qilmoqda.

Tashkilot o‘z dokladida bunday xatti-harakatlarni «ma’nisiz vayrongarchilik» va «kollektiv jazo»dan boshqa narsa emas, deb atagan.

Falastin sog‘liqni vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi xabariga ko‘ra, urushning 352-kuniga kelib eksklavda halok bo‘lgan falastinliklar soni 41 ming 431 kishiga yetgan. Shu vaqtgacha yaralanganlar 95 ming 818 nafarni tashkil etmoqda. O‘ldirilganlarning 17 mingdan ortig‘i yosh bolalar.

So‘nggi sutka ichida Isroil uchta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 40 kishining hayotdan ko‘z yumishiga va 58 kishining yaralanishiga sababchi bo‘ldi.

Al Jazeera ofisiga “hujum”

Isroil harbiylari G‘arbiy sohildagi Ramalloh shahrida joylashgan Qatarning Al Jazeera ofisiga tungi soat 3 da bostirib kelishgan.

Okkupatsion armiya harbiylari jurnalistlar va xodimlarga ofisdan faqat shaxsiy buyumlarni olib chiqib ketishga izn berishgan. Texnikalarni muhrlab, musodara qilishgan. Ofis 45 kunga yopilishi to‘g‘risida bildirishnoma taqdim etishgan.

Reyd chog‘ida yahudiy askarlar falastinlik marhuma jurnalist Shirin Abu Aqlaning ofisda osig‘liq turgan fotosuratini ham yirtib tashlashgan.

Al Jazeera'ning Ramallohdagi ofisi rahbari Volid al-Umariy TRT telekompaniyasiga bergan intervyusida Isroilning ommaviy axborot vositalariga nisbatan siyosati haqida gapirgan.

«Isroil voqealarning jurnalistik yoritilishini o‘zining foydasiga monopollashtirmoqchi va o‘zgalar bu urush odamlarning boshiga ne kunlar solayotganini bilmasligidan manfaatdor», — degan Volid al-Umariy.

Isroil-Livan urushi

Isroil armiyasi Livan bo‘ylab navbatdagi zarbalarni amalga oshirdi. «Hizbulloh» esa kecha tunda Isroil bo‘ylab 100 dan ortiq raketa uchirdi.

Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, uchirilgan 105 ta raketadan aksari urib tushirilgan, ammo ayrim uylar shikastlangan.

«Hizbulloh» guruh a’zolarining peyjyerlari va ratsiyalari portlatilishi uchun javob sifatida sanoat va harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘llanganini ma’lum qilgan.

Isroil esa juma kuni Bayrutga yo‘llangan aviazarba oqibatidan Livan bo‘ylab hujumlarni davom ettirmoqda. Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, ikki kun oldingi hujum oqibatida «Hizbulloh»ning bir necha qo‘mondoni halok bo‘lgan. Livan 45 kishi o‘limi to‘g‘risida xabar bergan.

Shanba kuni Isroilning o‘nlab harbiy samolyotlari Livan janubi bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagari bu hududda «Hizbulloh»ning Isroilga zarba berish uchun o‘rnatilgan qurollari joylashtirilgani aniqlanganini aytgan.

Bundan oldinroq isroillik harbiylar 180 ga yaqin uchirish nuqtalari bo‘ylab zarbalar yo‘llanishi oqibatida «Hizbulloh»ning 1000 dan ortiq raketasi yo‘q qilingani haqida xabar bergandi.

Ukraina dronlari hujumi

Kubanning Tixoretsk rayonida favqulodda holat rejimi joriy etildi. Ukraina qurolli kuchlari bu yerda o‘q-dorilar ortilgan eshelonga zarba berilganini ma’lum qilgan. 

O‘lka gubernatori Kondratevning so‘zlariga ko‘ra, Tixoretsk rayonidan 1200 kishi evakuatsiya qilingan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi o‘tgan tun yakunlariga ko‘ra Rossiyaning yana ikkita o‘q-dori ombori nishonga olingani haqida xabar qilgan — Tixoretsk rayoni va Tver oblastida.

Krasnodardan taxminan 150 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Tixoretskda ukrain kuchlari Rossiyaning o‘q-dori saqlanadigan uchta eng yirik omboridan bittasiga zarba berdi, deyiladi bosh shtab ma’lumotida.

Shuningdek, Tixoretsk rayonida «Podlyot» radiolokatsiya stansiyasiga hujum qilingan.

Tver oblastida Rossiya mudofaa vazirligi bosh artilleriya boshqarmasining Oktyabrskiy posyolkasi yaqinida joylashgan 23-arsenali ham zarba ostida qolgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kechki videomurojaatida Rossiyaning ikki arsenaliga zarba berilgani haqida to‘xtalib, ukrain harbiylariga «merganlik va aniqlik» uchun minnatdorchilik bildirgan. «Hozir vaziyatni tubdan o‘zgartira oladigan narsa — bizning urushni o‘z iniga — Rossiyaga ko‘chirish qobiliyatimiz», — deya yozgan u.

Zelenskiyning pozitsiyasi

So‘nggi paytlarda Ukraina va Rossiya o‘rtasida ehtimoliy muzokaralar haqidagi bayonotlar tez-tez yangramoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The New Yorker nashriga nega bu masalada ochiqroq bo‘layotganini tushuntirdi.

«Fikrlashimda hech qanday o‘zgarish yuz bermadi, chunki g‘alaba — adolatdir, uning natijasi barchani — xalqaro huquqni hurmat qiladiganlarni ham, Ukrainada yashovchilarni ham, yaqinlarini yo‘qotganlarni ham qoniqtiradi. Ular uchun narx juda baland, Putin va uning qo‘shini qilgan ishlarni hech qachon oqlab bo‘lmaydi», — degan Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, gap Ukrainaning adolatli g‘alabaga intilishida emas, balki Kremlning hech qanday oqilona shartlar bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish istagi yo‘qligidadir.

«Agar dunyo unga qarshi birlashsa, u o‘zini muzokaraga qiziqqandek ko‘rsatadi: «men muzokara qilishga tayyorman, keling, keling, birga o‘tiramiz», qabilida. Lekin bu shunchaki bo‘sh ritorika. U muloqot uchun eshikni ochayotgandek bo‘ladi va geosiyosiy muvozanatga intilayotgan davlatlar, masalan, Xitoy, Osiyo va Afrikaning boshqa ba’zi davlatlari: «mana, u bizni eshitdi, muzokaralar olib borishga tayyor», deydi. Bularning barchasi o‘yin ekanini ko‘rib turibmiz, shu sabab biz urushni tugatish uchun yondashuvlarimizni o‘zgartirmoqdamiz», — dedi Zelenskiy.

Unga ko‘ra, Kreml bo‘sh ritorika taklif qilgan joyda, Kiyev tinchlikning haqiqiy formulasi — urushni qanday tugatish bo‘yicha aniq rejani taklif qiladi.

Bu orada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Ukraina 2024 yil oxirigacha tashkil etishni rejalashtirayotgan tinchlik sammitida Rossiya vakillari qatnashmasligini aytdi.

Unga ko‘ra, tinchlik sammitining Rossiya-Ukraina urushini hal qilishga hech qanday aloqasi yo‘q. U tinchlik sammitini «anglo-saksonlar va ularning ukrain qo‘g‘irchoqlari firibgarligining yana bir ko‘rinishi», deb atadi.

Erondagi ko‘mir konida portlash

Eron sharqida joylashgan Janubiy Xuroson viloyatidagi Tabas shahri yaqinida ko‘mir konida metan gazi portlashi kamida 51 kishini hayotdan olib ketdi, 20 kishi yaralangan.

Hodisa 21 sentabr kuni kechqurun Madanjo kompaniyasiga tegishli konda ro‘y bergan, avariya qamrab olgan bloklar 250 metr chuqurlikda va 700 metr uzunlikda joylashgan.

Qutqaruv ishlariga yuzdan ortiq kishi jalb etilgan.

Mamlakatdagi ko‘mirning 76 foizi qazib olinadigan, 30 km kvadrat maydonni egallagan Tabas ko‘mir havzasi 75,2 mlrd tonna koks va energetik ko‘mir zaxiralariga ega bo‘lib, Eronning ko‘mirga eng boy va yirik hududi sanaladi.

Portlash vaqtida bloklarda jami 69 kishi bo‘lgan, deya xabar bergan davlat televideniyesi.

Prezident Mas’ud Pizishkiyon qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan. Janubiy Xuroson viloyatida uch kunlik motam e’lon qilingan.

AQShdagi saylovlar

Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Harris o‘z saylov kampaniyasi uchun Donald Trampdan uch barobar ko‘p mablag‘ jamg‘argan. Bu Respublikachilar partiyasida vahima uyg‘otgan, chunki debatidan so‘ng Tramp mohiyatan hech qanday mablag‘ yig‘olmagani ta’kidlanmoqda.

Avgust oyida Harris va uning qo‘mitalari Demokratik partiya uchun 361 mln dollar va Trampning saylovoldi kampaniyasi va tegishli qo‘mitalar uchun 130 mln dollar yig‘ildi, deb xabar berdi Federal saylov komissiyasi.

Harris birgina avgust oyida qariyb 190 mln dollar to‘plagan.

Darvoqe, Donald Tramp shu yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, 2028 yilgi saylovda o‘z nomzodini ilgari surmasligini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: