Ukrain dronlari Rossiyaning yana ikkita qurol arsenaliga zarba berdi

Jahon 15:32 / 22.09.2024 16420

Krasnodar o‘lkasi Tixoretsk rayonida mahalliy darajada favqulodda holat rejimi joriy etildi, deb xabar bergan region gubernatori Veniamin Kondratev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarga hech narsa xavf solmayapti, ammo FV yordam tashkillashtirish va «ro‘y bergan hodisa bilan bog‘liq barcha masalalar»ni operativ hal qilish uchun kiritilgan.

Ukrain dronlari hujumidan keyingi tongda, Kondratevning so‘zlariga ko‘ra, Tixoretsk rayonidan 1200 kishi evakuatsiya qilingan. Ular avvaliga vaqtincha joylashtirish punktlariga olib borilgan, keyin esa odamlarning bir qismi mehmonxonalarga ko‘chirilgan. Evakuatsiya qilingan aholi ikki kundan keyin uyiga qaytishi mumkin — minalardan tozalash bo‘yicha ishlar tugallanganidan keyin, deb xabar qilgan Krasnodar o‘lkasi fuqarolik mudofaasi va favqulodda vaziyatlar vaziri Sergey Shtrikov.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi o‘tgan tun yakunlariga ko‘ra Rossiyaning yana ikkita o‘q-dori ombori nishonga olingani haqida xabar qilgan — Tixoretsk rayoni va Tver oblastida.

Krasnodardan taxminan 150 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Tixoretskda ukrain kuchlari Rossiyaning o‘q-dori saqlanadigan uchta eng yirik omboridan bittasiga zarba berdi, deyiladi bosh shtab ma’lumotida. Ukrain harbiylariga ko‘ra, zarba vaqtida bu yerda kamida ikki ming tonna o‘q-dori, jumladan Shimoliy Koreyadan olingan snaryadlarni olib kelgan eshelon turgandi. Zarbadan keyin yong‘in boshlangan, uning ortidan o‘q-dorilar detonatsiyaga uchragan.

Shuningdek, Tixoretsk rayonida «Podlet» radiolokatsiya stansiyasiga hujum qilingan, undan omborxonaga qarab keluvchi havo nishonlarini aniqlash uchun foydalanib kelinardi, deya ta’kidlaydi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi. Hujum oqibatlari to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.

Tixoretsk rayoni ma’muriyati rahbari Anatoliy Perepelin harbiy ombordagi yong‘in va portlash haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan hamda hududdagi dala ishlari to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Uning aniqlik kiritishicha, daladagi ishlar voqea joyidan 10 kilometr radiusdagi hududlarda «portlovchi moddalar bor-yo‘qligini tekshirib chiqish» maqsadida to‘xtatilgan. «Bu cheklov bekor qilinishi haqida qo‘shimcha xabar beriladi», — deya qo‘shimcha qilgan Perepelin.

«Sxema» telegram-kanali zarba oqibatlari aks etgan sun’iy yo‘ldosh fotosini e’lon qilgan, unda hududda tutun ustunlari paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Tasvirda shuningdek Tixoretsk harbiy aerodromi atrofida ham yong‘in davom etayotgani ko‘ringan.

Tver oblastida Rossiya mudofaa vazirligi bosh artilleriya boshqarmasining Oktyabrskiy posyolkasi yaqinida joylashgan 23-arsenali ham zarba ostida qolgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko‘ra, hujumdan keyin Staraya Toropa stansiyasidagi yo‘lovchilar va xodimlar evakuatsiya qilingan; shuningdek, «Baltiya» M-9 federal avtoyo‘li ma’lum muddatga yopib qo‘yilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kechki videomurojaatida Rossiyaning ikki arsenaliga zarba berilgani haqida to‘xtalib, ukrain harbiylariga «merganlik va aniqlik» uchun minnatdorchilik bildirgan. «Bu vaziyatni tubdan o‘zgartiradigan narsa — bizning urushni uyiga, Rossiyaga ko‘chirish qobiliyatimiz», — deya yozgan u.

Ko‘proq yangiliklar: