TikTok AQSh sanksiyalari tufayli Sputnik va RT akkauntlarini o‘chirib tashladi

Jahon 21:31 / 21.09.2024 1923

Xitoyning TikTok videoxostingi Rossiyaning Sputnik va RT International nashrlari akkauntlarini blokladi. RT nashrining yozishicha, Sputnik International, Sputnik Serbia, Sputnik Afrique, Sputnik Africa, Sputnik Brasil, Sputnik Mundo va Sputnik Indonesia ham o‘chirilgan.

Ushbu akkauntlarga o‘tishga uringanda «Bunday akkauntlarni topib bo‘lmayapti», degan yozuv chiqadi. TikTok akkauntlarning bloklanishiga izoh bermadi.

Sentyabr oyi boshida Qo‘shma Shtatlar Sputnik asoschisi sifatida ko‘rsatilgan «Rossiya segodnya» media guruhi va uning rahbari Dmitriy Kiselevga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. RT va uning bosh muharriri Margarita Simonyan ham cheklovlarga duchor bo‘lgan. 17 sentabr kuni RT va «Rossiya segodnya» akkauntlari Instagram, Facebook va Threads ijtimoiy tarmoqlari hamda WhatsApp messenjeriga egalik qiluvchi Meta korporatsiyasi tomonidan o‘chirib tashlandi.

AQSh Davlat departamenti AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada RT kanaliga qarshi diplomatik kampaniya olib borayotganini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya ommaviy axborot vositalarining bloklanishini «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: